21:21 / 18.02.2025
1 388

Kreml Trampga Rossiya nefti va Arktikaga kirishni taklif qildi

Kreml Trampga Rossiya nefti va Arktikaga kirishni taklif qildi
Foto: CNN
Kreml AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatiga Rossiya tabiiy resurslari boʻyicha kelishuvni taklif qildi, deb xabar bermoqda Daryo The Moscow Times'ga tayanib.

"Rossiya AQSh neft kompaniyalari mamlakatga qaytishi mumkinligiga ishonadi, bundan tashqari, AQSh bilan Arktikada qoʻshma loyihalardan manfaatdor", dedi Saudiya Arabistonidagi muzokaralar boshlanishidan oldin Rossiya toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasi rahbari Kirill Dmitriyev.

Ar-Riyodda amerikaliklar bilan uchrashish uchun Vladimir Putin tomonidan tanlangan uchta delegatdan biri Dmitriyevning soʻzlariga koʻra, Moskva AQSh bilan iqtisodiy hamkorlikni tiklash muhim deb hisoblaydi.

Dmitriyev, AQShning yirik neft kompaniyalari Rossiyada “juda muvaffaqiyatli biznes”ga ega boʻlganini ta'kidlab, ular qachondir qaytib kelishiga ishonch bildirdi.

"Biz qoʻshma loyihalar amalga oshirishimiz kerak, jumladan, Arktikada ham, boshqa sohalarda ham. Qoʻshma loyihalar bizga yanada muvaffaqiyatli boʻlishimizga imkon beradi", deya davom etdi Dmitriyev.

Uning soʻzlariga koʻra, Amerika kompaniyalari goʻyoki Rossiyaga qarshi sanktsiyalardan 300 milliard dollar yoʻqotgan, Jo Bayden ma'muriyati esa Rossiya iqtisodiyoti holati haqida “juda koʻp notoʻgʻri xabarlar bergan”.

Rossiya–Ukraina urushi boshlanishidan oldin Rossiyada neft qazib olish bilan faqat bitta yirik Amerika kompaniyasi shugʻullangan: bu “Saxalin-1” loyihasining 30 foiziga egalik qiluvchi Exxon Mobil edi. Sanktsiyalar joriy etilgandan soʻng, kompaniya loyihadan chiqishini e'lon qildi, biroq ulushini sota olmadi, dastlab bu 2023 yilda sodir boʻlishi kutilgan edi, ammo Kreml muddatni ikki marta uzaytirdi — oxirgi marta 2026 yil oxirigacha.

Urush boshlanganidan soʻng, Amerikaning etakchi neft xizmatlari kompaniyalari — Halliburton, Schlumberger va Baker Hughes ham Rossiyani tark etishini ma'lum qildi. Ular yordamida mamlakat SSSR qulashi oqibatida yuzaga kelgan neft qazib olish tanazzulidan keyin ishlab chiqarishni tiklashga erishgan edi. Prezident Vladimir Putin 2025 yilga qadar mamlakatda uglevodorodlarni burgʻulash va qidirish boʻyicha oʻz texnologiyalarini yaratishni hamda ularning ulushini 80 foizga etkazishni talab qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo