
AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuelani dushman deb atadi va Amerika kompaniyalari bu davlatdan neft sotib olishni davom ettirishini istamasligini ma'lum qildi.
"Biz Venesuelani murakkab vaziyatga soldik. Hammasi yaxshi boʻlishi kerakdek koʻringan edi", – deya ta'kidladi Tramp seshanba kuni, oʻzining ilk prezidentlik davrida Karakasga nisbatan keng qamrovli sanktsiyalar joriy qilganini eslab. "Keyin esa [AQShning avvalgi prezidenti Jo] Bayden keldi va odatdagidek, hamma narsani buzib tashladi. Uning davrida [Venesueladan] milliardlab dollarlik neft xarid qila boshladilar", – dedi amaldagi Amerika etakchisi Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohida yangi farmonlarni imzolar ekan.
"Nega ular dushmanga murojaat qilib, unga milliardlab dollar berdi?", – deya ta'kidladi Tramp va uning prezidentligi davrida bunday qaror qabul qilinmasligini aytib oʻtdi. "Biz bu masala bilan shugʻullanyapmiz", – dedi u, Amerikada etarlicha neft zaxiralari borligini ta'kidlab. "Biz butun bu vaziyatni tahlil qilyapmiz, Bayden nega shunday qilganini aniqlashni istaymiz", – deya qayd etdi Tramp, oldingi Vashington ma'muriyati bu qarorni qanday sabablar bilan qabul qilganini oʻrganish niyati borligini bildirib.
Trampdan Amerika kompaniyalari, jumladan Chevron, Venesueladan neft sotib olishni davom ettirishga ruxsat oladimi yoki yoʻqmi, deb soʻraldi. U shunday javob berdi: "Balkim, yoʻq. Hozir bu masala koʻrib chiqilmoqda".

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar