20:52 / 19.02.2025
513

Rossiya Putin va Tramp uchrashuvi uchun nima kerak ekanini aytdi

Rossiya Putin va Tramp uchrashuvi uchun nima kerak ekanini aytdi
Foto: Getty Images
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Tramp oʻrtasidagi uchrashuvni oʻtkazish uchun “Tashqi ishlar vazirligi yoʻnalishi boʻyicha ma'lum tayyorgarlik” kerak. Bu haqda Rossiya etakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma'lum qildi, deb yozadi Daryo nashri.

Uning soʻzlariga koʻra, uchrashuv fevral oyining oxirigacha boʻlib oʻtishi mumkin, ammo bu muddat ichida tomonlar kelisha olmasligi ehtimoli ham mavjud.

AQSh prezidenti fevral oyi oxirigacha rossiyalik hamkasbi bilan uchrashish imkoniyatini istisno etmadi.

Avvalroq Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov 18 fevral kuni Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan Rossiya–AQSh muzokaralarida ikki davlat rahbarlarining ehtimoliy uchrashuvi muhokama qilinganini ma'lum qilgandi.

"Biz bunga tayyormiz, biroq ikki etakchi uchrashuvining aniq sanasi haqida gapirish hali qiyin", dedi Ushakov.

AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin kelasi haftadayoq uchrashuv oʻtkazishi mumkinligi haqida Bloomberg aniq manbalarga havola qilmasdan xabar berdi.

"Saudiya Arabistonidagi ushbu muzokaralar ikki etakchining keyingi haftadayoq uchrashuviga yoʻl ochishi mumkin", deyiladi xabarda.

Tramp va Putin fevral oyi oʻrtalarida telefon orqali muloqot chogʻida yuzma-yuz uchrashuv oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishgan edi. Amerika prezidentining ma'lum qilishicha, ular oʻzaro tashriflar rejalarini muhokama qilgan. Oʻz navbatida Rossiya prezidenti Trampni Moskvaga taklif qilgan edi.

Avvalroq NBC nashri AQSh Ukraina delegatsiyasini Saudiya Arabistonidagi Rossiya bilan muzokaralarga taklif etmagani, chunki Vashington Moskva va Kiyev vakillari bilan alohida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazib, keyinchalik qoʻshma uchrashuv uyushtirmoqchi ekani haqida yozgan edi.

"Bu bizning Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham bir xil faollikda hamkorlik qilayotganimizni koʻrsatadi. Biz oʻlimlarni toʻxtatib, mustahkam tinchlikka erishishni xohlaymiz", dedi telekanal suhbatdoshlaridan biri.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo