
18 fevral kuni Buyuk Britaniya va Misr arxeologlari Fiva qabristonida miloddan avvalgi 1500 yillar atrofida Qadimgi Misrda hukmronlik qilgan fir'avn Tutmos II qabrini topdi. Bu haqda Misr Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma'lum qildi.
Topilma 1922 yilda Tutanxamon qabri kashf etilganidan keyingi ilk fir'avn qabri boʻldi, deydi vazirlik rahbari Sharif Fathi.

Foto: AFP / Scanpix / LETA
Maqbaraning asosiy yoʻlagiga kirish joyi 2022 yil oktyabr oyida Luksor (qadimgi Fiva) atrofidan topilgan. Dastlab olimlar bu maqbara Tutmoslar sulolasiga mansub qirollik oilasi a'zolaridan biriga tegishli boʻlishi mumkin, deb taxmin qilgan. Chunki unga yaqin joyda Tutmos II ning rafiqasi — uning vafotidan soʻng taxtga chiqqan malika Xatshepsut maqbarasi, shuningdek, Tutmos II ning oʻgʻli fir'avn Tutmos III ning xotinlari maqbarasi joylashgan edi.
Yangi qazishmalar natijasida bu qabr fir'avn Tutmos II ning oʻziga tegishli ekani aniqlandi. Bunga topilgan ashyolar, ayniqsa, marhum Tutmos II va malika Xatshepsutning nomlari bitilgan alebastr koʻzalar boʻlaklari dalil boʻlmoqda.

Foto: AFP / Scanpix / LETA
Bundan tashqari, arxeologlar fir'avnning dafn jihozlari qoldiqlarini topdi. Topilgan parchalar orasida koʻk rangli yozuvlar tushirilgan suvoq qoldiqlari, shuningdek, Qadimgi Misr fir'avnlarining maqbaralarida uchraydigan “Am-Duat kitobi” tasvirlari mavjud.
Fir'avn Tutmos II dafn etilganidan koʻp oʻtmay, suv toshqini sodir boʻlib, qabrning ichki qismiga jiddiy zarar etgan. Tadqiqotchilar suv toshqinidan keyin qabr ichidagi narsalar boshqa joyga koʻchirilganini aniqladi.

Tutmos II ning mumiyosi 1881 yilda Fiva nekropolidagi Dayr al-Bahri yashirin qabrida topilgan. N+1 nashrining yozishicha, bu yashirin joyda oʻnlab mumiyolangan inson qoldiqlari, jumladan, fir'avnlar Tutmos III, Seti I, Ramzes II va Ramzes III ning mumiyolari saqlanib kelgan. Tutmos II ning dastlabki dafn etilgan joyi esa shu paytgacha noma'lum boʻlib kelayotgandi.
Tutmos II haqida deyarli hech narsa ma'lum emas. Olimlar hatto uning hukmronlik davri haqida ham bahslashadi: ba'zilar u taxminan uch-toʻrt yil, boshqalari 14 yildan ortiq hukmronlik qilgan, deb hisoblaydi. Yangi topilma ham Tutmos II hayoti haqida deyarli hech narsa aytmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar