16:51 / 21.02.2025
484

AQSh Ukrainaga qurol sotishni toʻxtatdimi?

AQSh Ukrainaga qurol sotishni toʻxtatdimi?
Foto: TRT
Ukraina Oliy radasining mudofaa qoʻmitasi rahbari Roman Kostenko AQSh mamlakatga qurol sotishni toʻxtatganini aytdi. Biroq ukrainalik deputat va amerikalik mulozim mazkur ma'lumotni rad etdi. Bu haqda “24 Kanal”ga tayanib Daryo xabar berdi.

"Menda mavjud ma'lumotlarga koʻra, sotuvga chiqarilgan qurollarning etkazib berilishi toʻxtatilgan. Bu qurollarni topshirishga tayyor boʻlgan firmalar hozir kutishmoqda, chunki echim yoʻq", dedi u.

Kostenko bunday qadamning sabablari hozircha noma'lum ekani, ta'minot toʻliq toʻxtamaganini aytdi. Xalqaro moddiy-texnik yordamni olish va undan foydalanishni nazorat qilish boʻyicha Oliy Kengash komissiyasi raisi Aleksandra Ustinova esa bu ma'lumotni rad etdi.

"Biz hozir juda ogʻir davrni boshdan kechiryapmiz, olovga moy sepish kerak emas", deya ta'kidladi u.

Qurol sotish toʻxtatilgani haqidagi xabarlarga Oq uy ham munosabat bildirdi. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Maykl Uolts ma'lumotni tasdiqlamadi. U harbiy yordamning asosiy qismi toʻgʻridan toʻgʻri AQSh omborlaridan kelayotganini aytdi.

Shu bilan birga, Uolts AQShning qurol-yarogʻ zaxiralarini tiklash zarurati tufayli bu jarayonda ma'lum kechikishlar borligini tan oldi.

"Koʻpgina zaxiralarimiz tugab bormoqda va bu qachon yakunlanishi, yana qancha resurs talab qilinishi hamda narxi qanday boʻlishi haqida tashvishlarni keltirib chiqarmoqda", dedi Trampning maslahatchisi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy goʻyoki “Qoʻshma Shtatlar Ukrainaga ajratgan mablagʻlarning yarmi qayerdaligini bilmasligini” aytgandi. Bunga javoban Zelenskiy Ukraina va AQShda “butunlay farqli raqamlar” mavjudligini ta'kidlagan.

Bizda butunlay boshqa raqamlar mavjud. Bizda hamma narsa juda aniq. Urush bizga 320 milliard dollarga tushdi. 120 milliard — bu biz, Ukraina xalqi, soliq toʻlovchilar. 200 milliard — bu AQSh va Evropa ittifoqdoshlari. Bu qurol-yarogʻ toʻplamlari. AQSh bizga taxminan 67 milliard dollarlik qurol-yarogʻ va 31,5 milliard dollarni byudjetga toʻgʻridan toʻgʻri moliyaviy yordam sifatida bergan, deya aniqlik kiritdi Ukraina etakchisi.

11 fevral kuni AQSh prezidenti harbiy yordam evaziga Ukraina AQShga oʻz hududida qimmatbaho minerallarni qazib olishga ruxsat berishga “deyarli rozi boʻlganini” aytgan edi. 15 fevral kuni Tramp ma'muriyati Ukrainaga mamlakatning nodir erosti boyliklariga egalik huquqining 50 foizini AQShga berishni taklif qilgani ma'lum boʻldi, ammo Zelenskiy hujjatni imzolashdan bosh tortdi. Endilikda AQSh Ukrainaga foydali qazilmalar boʻyicha bitimning yangi versiyasini topshirdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo