23:31 / 21.02.2025
865

Tramp nega Zelenskiyni yomon koʻrib qoldi?

Tramp nega Zelenskiyni yomon koʻrib qoldi?
Oxirgi vaqtlarda AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni juda yomon koʻrib qoldi va unga nafratini sochib charchamayapti. Trampning chiqishlari shunchalik radikal tus oldiki, Amerika nashrlariga koʻra bundan Kremldagilar ham hayron qolgan. Ular hatto Tramp Rossiyani tuzoqqa tushirish uchun shunday qilmayaptimikin deb oʻylay boshlabdi.

Qazilma boyliklar mashmashasi

Trampning Zelenskiyga bosim va tahdidi fonida ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarda yana bir mavzu muhokama qilinmoqda: Ukrainadagi qazilma boyliklarini boʻlishish masalasi. Ma'lum boʻlishicha, amerikaliklar Myunxen konferentsiyasiga Ukraina qanday miqdorda va tartibda oʻz qazilma boyliklarini AQShga berishi kerakligi haqida shartnoma koʻtarib borishgan. Zelenskiy esa bu kelishuvni imzolash amalda Ukrainani sotish ekanini aytib, taklifni rad etgan.

Bundan Trampning qattiq jahli chiqqan. Aynan shu kelishuv imzolanmagani, etmaganiga Zelenskiy uni ommaviy tarzda rad etganidan keyin Tramp Ukraina prezidentiga zahrini socha boshladi. Boʻlmasa, prezidentlikka kirishganidan keyin Tramp birinchi boʻlib aynan Zelenskiyga qoʻngʻiroq qilgan, u bilan yomon munosabatda boʻlmayotgandi.

Shu kunlarda qator jiddiy nashrlarda Zelenskiy Ukrainadagi qazilma boyliklarini AQSh bilan boʻlishish taklif qilinayotgan ikkinchi, biroz yumshatilgan kelishuvni imzolasa, Tramp bilan munosabatlarini yaxshilashi haqida gaplar paydo boʻldi. Politico nashrining Oq uydagi manbalariga koʻra, Trampning Zelenskiyga bosimi AQShning Rossiya boʻyicha munosabati oʻzgarganidan dalolat bermaydi. Ularning aytishicha, Tramp Zelenskiy kelishuvni imzolamagani uchun uni yomon koʻrib qolgan.

Agar bu gap rost boʻlsa, Trampning Zelenskiyga nisbatan qilayotgan tahdidli ritorikasi uni Ukraina foydali qazilma boyliklarini boʻlishish boʻyicha kelishuvni imzolashga undash uchun qilingan bosim boʻlib chiqadi. Ya'ni Tramp Zelenskiyni Ukraina mustaqilligi tahdid ostida qolishi bilan qoʻrqitsam, u qazilma boyliklarini boʻlishishga koʻnadi deb oʻylayotgan boʻlishi mumkin.

Tramp nima soʻrayapti oʻzi?

Shu oʻrinda Tramp oʻzi qanday kelishuv taklif qilayotgani haqida ikki ogʻiz. AQSh yangi prezidenti mamlakat Ukrainaga Bayden ma'muriyati vaqtida etkazib berilgan qurol-yarogʻ pulini qoplash uchun Kiyevga barcha qazilma boyliklari savdosidan tushadigan daromadning 50 foizini olishni istamoqda. Xususan, Ukrainada mavjud boʻlgan nodir metallar savdosidan ham. Etmaganiga Tramp Ukrainadagi neft, gaz va hatto savdo portlari ustidan toʻliq nazoratni qoʻlga kiritishni istayapti. Tramp talab qilayotgan kelishuv miqdori 500 milliard dollar ekani aytiladi.

Avvalroq Tramp AQSh Ukrainaga urush davomida 350 milliard dollar berganini aytgandi. Zelenskiy esa barcha hisoblab borilgani, Vashington 67 milliard dollarlik qurol bergani, yana 31,5 milliard dollar byudjet xarajatlari uchun ajratilganini aytgan. Ukraina byudjeti uchun berilgan pullarning katta qismi oʻqituvchi, shifokor, harbiylar va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarining maoshlari uchun toʻlab berilgan.

Tahlilchilar Trampning Ukrainaga qoʻyayotgan shartlari Ikkinchi jahon urushini boshlagan Germaniyaga gʻolib tomonlar qoʻygan talablardan ham jiddiyroq ekanini qayd etishgan.

Zelenskiy bu kelishuvni imzolamasligini ochiq e'lon qilgach, Amerika nashrlariga koʻra, Vashington ikkinchi, Ukraina prezidentining e'tirozlari inobatga olingan kelishuv taklif qilgan. Kiyevdagilar bu kelishuvni ancha real deb baholashgan. Zelenskiyning maslahatchilari uni imzolash Tramp bilan munosabatlarni tiklash uchun yagona chora ekanini aytib, prezidentni rozi boʻlishga chorlagan.

23 fevral kuni Zelenskiy ishtirokida matbuot anjumani oʻtkaziladi. Unda Ukraina prezidenti Trampning tahdidlari va qazilma boyliklarini boʻlishish boʻyicha taklif haqida savollarga javob berishi kutilmoqda.

Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo