
Foto: AP
21 fevral kuni Qoʻshma Shtatlar Ukrainaga qazilma boyliklar boʻyicha kelishuv loyihasining yangi tahririni topshirdi, ayrim shartlar avvalgi tahrirga qaraganda kuchaytirildi. Bu haqda The New York Times yozdi.
Hujjat Ukrainaga tabiiy resurslar, jumladan, foydali qazilmalar, gaz va neftdan, shuningdek, portlar va boshqa infratuzilmalardan olinadigan daromadning yarmidan AQSh foydasiga voz kechishni nazarda tutadi.
Xuddi shu talab 14 fevraldagi avvalgi tahrirda ham mavjud edi. Yangi versiyada tushum 100 foizi AQShga tegishli boʻlgan jamgʻarmaga yoʻnaltirilishi koʻrsatilgan. Ukraina ushbu jamgʻarmaga uning hajmi 500 milliard dollarga etguncha oʻz hissasini qoʻshib borishi kerak.
Qayd qilinishicha, tomonlarning jamgʻarmaga badallari quyidagi nisbatda boʻlinadi: Ukraina tomoni kelgusida olinadigan daromadlarning uchdan ikki qismini, Amerika tomoni esa qurol koʻrinishida taqdim etgan uchinchi qismini hissa sifatida qoʻshadi. Ukraina jamgʻarma hajmini qayta koʻrib chiqishni va uning mablagʻlari faqat mamlakatga sarmoya kiritish uchun ishlatilishi toʻgʻrisida kelishuv imzolashni taklif qilmoqda.
Oldingi variantda 500 milliard dollar haqida aytilmagan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp Kiyevning Vashington oldidagi majburiyatlarini shu miqdorga baholagan. Bu AQSh tomonidan taqdim etilgan harbiy va moliyaviy yordamga tegishlimi yoki kelajakdagi yordamga ham tegishlimi, aniq emas.
Yangi loyihada, Rossiya tomonidan nazorat qilinadigan hududlardan olinadigan daromadlar toʻgʻrisidagi band ham bor. Agar Ukraina ularni qaytara olsa, dromadlarni baham koʻrishiga toʻgʻri keladi. Bu erlardan jamgʻarmaga tushadigan daromad ulushi 66 foizni tashkil etishi kutilmoqda. Hujjatda, shuningdek, Qoʻshma Shtatlar tushgan mablagʻning bir qismini Ukrainani urushdan keyingi tiklash uchun qayta sarmoya qilishi mumkinligi aytiladi.
Kelishuvda AQSh Ukrainaga qanday xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligi aytilmagan. Ushbu nuqta loyihaning birinchi versiyasida ham yoʻq edi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar