
AQSh Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask barcha davlat xizmatchilari oʻtgan hafta davomida bajargan ishlari toʻgʻrisida batafsil ma'lumot berishlari kerakligini ma'lum qildi.
«AQSh prezidenti Donald Trampning koʻrsatmalariga muvofiq, barcha federal xodimlar yaqin vaqt ichida oʻtgan hafta davomida nima ish qilganliklarini tushuntirishlari talab etilgan elektron xatlarni oladi. Javob qaytarmaslik, iste'foga ketish sifatida baholanadi», — deb yozadi Mask X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida.
Amaldorlarga yuborilgan xatlarda ulardan «oʻtgan hafta nimaga erishgani boʻyicha beshta bandni» koʻrsatish talab etiladi, shu bilan birga, javob yozayotgan xodimlar maxfiy ma'lumotlarni keltirmasligi kerak. Javob 24 fevral kuni AQSh vaqti bilan 23:59 ga qadar yoʻllanishi lozim. Xatlarga javob yozmaslik, iste'fo sifatida baholanishi haqida hech narsa deyilmagan.
Bajarilgan ishlar boʻyicha qisqa rezyumeni AQSh hukumatidan mustaqil boʻlgan agentlik — Kadrlar xizmati boshqarmasi soʻragan. Boshqarma boshligʻi Maklaurin Pinoverning soʻzlariga koʻra, xatlar «Tramp ma'muriyatining samaradorlikni ta'minlash va federal xodimlarning hisobdorligiga erishish yoʻlidagi harakatlari» doirasida yoʻllangan.
Bu turdagi xatlarni barcha idoralar, jumladan, Markaziy razvedka boshqarmasi va Oq uy ham olgan. Shuningdek, elektron xatlar Amerikaning turli davlatlardagi diplomatlariga ham yoʻllangan.
Ayrim idoralar, masalan, Federal tergov byurosi va Adliya vazirligi oʻz xodimlaridan xatlarga javob qaytarishni kechiktirishni soʻragan.
Ilon Maskning ma'lum qilishicha, federal xizmatlardan «koʻplab yaxshi javoblar olingan». U xatga birinchi boʻlib javob qaytarganlarning xizmat lavozimlarini koʻtarishga chaqirdi.
Amerika davlat xizmatchilari federatsiyasi — minglab federal xizmatchilarni birlashtiruvchi kasaba uyushmalarining ma'lum qilishicha, «butun mamlakat boʻylab oʻz a'zolari va federal xizmatchilarning har qanday turdagi noqonuniy ishdan boʻshatilishi ustidan shikoyat kiritishlarini» ma'lum qildi.
Ilon Mask amaldorlardan bajarilgan ishlar boʻyicha javob berilishini AQSh prezidenti Donald Tramp 22 fevral kuni DOGE rahbarini ushbu lavozimda «qattiqqoʻl boʻlishga» chaqirganidan keyin talab qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar