21:33 / 23.02.2025
251

Tramp urushni «shu haftada» tugatishiga ishonmoqda

Tramp urushni «shu haftada» tugatishiga ishonmoqda
Foto: Aaron Schwartz / CNP / Bloomberg / Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi urushni hal qilish boʻyicha kelishuvga yaqin vaqtlar ichida erishishga umid qilmoqda. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt 22 fevral kuni ma'lum qildi.

«Prezident va uning jamoasi mojaroga yakun yasash uchun har ikki tomon bilan muzokaralarni davom ettirishga katta e'tibor qaratmoqda va prezident biz bunga shu haftada erisha olishimizga qat'iy ishonmoqda», — dedi Livitt, lekin Tramp buni qanday amalga oshirmoqchi ekani haqida hech qanday tafsilot keltirmadi.

Matbuot kotibining soʻzlariga koʻra, Tramp «Rossiya kelishuv tuzishga tayyor ekaniga ishonadi va u kelishuv tuzish uchun kurashmoqda». Uning qoʻshimcha qilishicha, Trampning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Mayk Uols «kelishuvga erishish va Ukrainadagi mojaroga barham berish uchun dam olish kunlari ham 24 soat ishlaydi».

«Prezident qotilliklar toʻxtatilishini, begunoh odamlar halok boʻlmasligi va tinchlik boʻlishini xohlashini aytdi», — deya qoʻshimcha qildi Oq uy vakili.

Bu vaqtda Ukraina va AQSh foydali qazilmalar boʻyicha kelishuvga erishish uchun muzokaralarni davom ettirmoqda. Donald Tramp 22 fevral kuni AQSh Ukrainaning muhim minerallari va neftiga, shuningdek, «olishi mumkin boʻlgan hamma narsa»ga ega boʻlishni moʻljallayotganini aytdi.

The New York Times va NV ma'lumotlariga koʻra, AQSh rasmiylari 21 fevral kuni Ukrainaga avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rad etgan tabiiy resurslar boʻyicha kelishuvning yanada qat'iy variantini topshirgan. Yangi variant AQSh erosti boyliklarini qazib olish huquqiga ham ega boʻladigan boʻlajak fondga 100 foiz egalik qilishini nazarda tutadi. Shuningdek, OAV ma'lumotlariga koʻra, Amerika rasmiylari kelishuv variantida fond miqdori 500 milliard dollarni tashkil etishini qayd etgan — Tramp Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam koʻrsatish uchun Amerika qilgan xarajatlar evaziga aynan shunday miqdordagi kompensatsiya olmoqchi.

Ukraina rasmiylari AQShning 500 milliard dollarlik qoʻshma jamgʻarma yaratish talabiga qarshi chiqdi, dedi muzokaralar jarayonidan xabardor boʻlgan ukrainalik mulozim anonimlik sharti bilan Bloomberg agentligiga. Uning soʻzlariga koʻra, kelishuvning yangi variantida AQShning kelgusidagi harbiy va moliyaviy yordami kafolatlari haqida hech narsa yoʻq.

Bloomberg suhbatdoshi aytishicha, Ukraina bunga javoban besh baravar kamroq — taxminan 90 milliard dollar miqdorini aytgan. Ukrainaning Radio NV manbasi ham shunga oʻxshash summa haqida ma'lum qilgan: «Biz hozir [AQSh]ning bu taklifini 100 milliard dollargacha kamaytirdik va [prezident Trampning maxsus elchisi Kit] Kellogga topshirdik».

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak 23 fevral kuni ukrainalik jurnalistlarga foydali qazilmalar boʻyicha kelishuv yaqin orada imzolanishini aytdi. «Shartnoma muhokama qilinmoqda, turli darajalarda etarlicha sinchkovlik bilan muhokama qilinmoqda, ishchi guruhlar tuzildi. U qachon imzolanishi — bu, albatta, yaqin vaqtlardagi masala», — dedi Podolyak.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer AQShdagi muzokaralarga borishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ular mos ravishda 24 va 27 fevral kunlari Donald Trampga Moskva va Kiyev oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvga erishgan taqdirda Ukrainada 30 minggacha yevropalik tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish rejasini taqdim etmoqchi, deb yozadi The Wall Street Journal oʻz manbalariga tayanib.

Nashr ma'lumotlariga koʻra, Makron va, ehtimol, Starmer AQShni Ukrainadagi Evropa qoʻshinlariga Rossiya tomonidan xavf tugʻilgan taqdirda «javob zarbasi» uchun Amerika qoʻshinlarining bir qismini yuborishga koʻndirishga harakat qiladi.

Rasmiylarga koʻra, Evropa davlatlari ishlab chiqayotgan reja AQShdan Ukrainada oʻz kuchlarini joylashtirishni talab qilmaydi, Tramp bunga qarshi chiqmoqda. Manbalarning aytishicha, AQSh qoʻshni davlatlarda havo hujumidan mudofaa tizimlaridan foydalanishi va Evropaga qoʻshimcha havo hujumidan mudofaa tizimlarini taqdim etishi mumkin. Rasmiylarga koʻra, Trampning qoʻllab-quvvatlashisiz Evropa tinchlikparvar kuchlarni yuborishda qiyinchiliklarga duch keladi.

Evropa mamlakatlari Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish imkoniyatlarini ham muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Bloomberg agentligi. Muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarga koʻra, Evropa rasmiylari Rossiya Markaziy banki aktivlaridan Ukrainaga toʻlanishi kerak boʻlgan tovon miqdorini belgilashi rejalashtirilgan Xalqaro da'vo komissiyasi faoliyati uchun garov sifatida foydalanish imkoniyatlarini oʻrganmoqda. Agar Moskva zararni toʻlashdan bosh tortsa, aktivlar musodara qilinishi mumkin, deb yozadi agentlik.

Suhbatdoshlarning soʻzlariga koʻra, Evropa Ittifoqi mamlakatlari Ukrainaning vayron boʻlgan energetika infratuzilmasi uchun tovon sifatida Rossiyaning suveren aktivlarini musodara qilishi varianti ham koʻrib chiqilmoqda. Aktivlarni toʻliq musodara qilish taklifiga Evropa Ittifoqining ayrim davlatlari, jumladan Germaniya va Fransiya ehtimoliy huquqiy va iqtisodiy oqibatlar tufayli qarshi chiqqan.

Bloomberg ta'kidlashicha, Evropa Ittifoqida koʻrib chiqilayotgan takliflar G7 davlatlari allaqachon Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olingan foydadan Ukrainaga berilgan 50 milliard dollarlik kreditni ta'minlash chorasi sifatida foydalangani bilan murakkablashadi.

Evropa komissiyasi Evropa Ittifoqi elchilariga Xalqaro da'volar komissiyasini tuzish boʻyicha muzokaralar 24 mart kuni boshlanishi haqida ma'lum qildi, deya xabar berdi manbalar. Ularning qoʻshimcha qilishicha, bu masala 24 fevral kuni Evropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yigʻilishida muhokama qilinadi.

Evropa Ittifoqi, «Katta ettilik» mamlakatlari va Avstraliya Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan keyin Rossiya Markaziy bankining qimmatli qogʻozlar va naqd pul koʻrinishidagi 280 milliard dollarga yaqin aktivlarini, asosan Belgiyaning Euroclear depozitariysi orqali muzlatib qoʻygandi. Bundan tashqari, rossiyalik tadbirkorlarga nisbatan qoʻllangan sanktsiyalar doirasida, AQSh Moliya vazirligi baholashicha, taxminan 58 milliard dollarlik aktivlar muzlatib qoʻyilgan. Bu rossiyalik oligarxlarning uylari, yaxtalari, shaxsiy samolyotlari va boshqa mulklari narxlarini oʻz ichiga oladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo