
Foto: Getty Images
AQSh Rossiyani tajovuzkor urush uchun qoralovchi Ukrainaning BMTdagi rezolyutsiyasini toʻxtatishga harakat qilmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi va The Washington Post gazetasiga tayanib Daryo xabar berdi.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati BMTning barcha a'zolarini rezolyutsiyaning Amerika matnini qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
"Qoʻshma Shtatlar BMTga tinchlikka erishish yoʻlini belgilash uchun barcha a'zo davlatlarni qoʻllab-quvvatlashga undaydigan oddiy tarixiy rezolyutsiyani taklif etdi", deya AQSh Davlat departamenti ma'lum qildi.
Ta'kidlanishicha, ushbu rezolyutsiya prezident Trampning BMT oʻzining Nizomida mustahkamlangan asosiy maqsadiga — xalqaro tinchlik va xavfsizlikni, jumladan, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish orqali ta'minlashga qaytishi kerakligi haqidagi fikriga muvofiqdir.
"Biz qat'iy ishonamizki, hozir urushni toʻxtatish boʻyicha majburiyatlarni zimmaga olish vaqti keldi. Bu tinchlikka erishish uchun haqiqiy turtki yaratish imkoniyatimizdir", deyiladi bayonotda.
AQSh rezolyutsiyasi loyihasida Ukraina suvereniteti tamoyillariga havolalar yoʻq
Bloomberg'ga koʻra, Amerika rezolyutsiya loyihasida Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligi tamoyillariga havolalar mavjud emas. The Washington Post xabariga koʻra, Ukrainaga Amerika tomonining taklifi haqida 21 fevral kuni xabar berilgan.
Nashr suhbatdoshining aniqlashtirshicha, dastlab Vashington Ukraina tomonidan taklif qilingan rezolyutsiyani koʻrib chiqqan va “uni yumshatish uchun ba'zi oʻzgartirishlar kiritishni talab qilgan”. Keyin Vashington yangi rezolyutsiyani taklif qilib, Kiyevni oʻz variantini qaytarib olishga chaqirgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Ukraina TIVga rezolyutsiyani qaytarib olmaslikni buyurgan.
Rossiya AQSh hujjatiga tuzatish kiritilgan taqdirda, uni qoʻllab-quvvatlashga tayyor
AFP agentligining ma'lumotlariga koʻra, AQSh tomonidan ilgari surilgan loyihada Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududi haqida hech qanday eslatma yoʻq. Vashington tomonidan ilgari surilgan va qoʻllab-quvvatlangan avvalgi rezolyutsiyalardan farqli oʻlaroq, soʻnggi loyihada Moskvaga nisbatan tanqid mavjud emas va u mojaro manbai sifatida koʻrsatilmagan.
Rossiya “mojaroga tezroq barham berishga chaqiradi” soʻzlaridan keyin “shu jumladan, uning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali” iborasini qoʻshib, hujjatga tuzatish kiritishni taklif qildi, deb ta'kidladi Reuters.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa Amerika loyihasini “yaxshi qadam” deb atadi. Rossiyalik anonim diplomatga koʻra, agar bu tuzatish BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinsa, Moskva AQSh rezolyutsiyasi uchun ovoz beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar