21:20 / 24.02.2025
45

Singapur banki sun'iy intellekt sabab 4 ming xodimini ishdan boʻshatmoqchi

Singapur banki sun'iy intellekt sabab 4 ming xodimini ishdan boʻshatmoqchi
Foto: Reuters
Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng yirik banklardan biri hisoblangan DBS Group Holdings Ltd. uch yil davomida 4 ming xodimini ishdan boʻshatadi. Bunga sun'iy intellekt texnologiyasi oldinlari insonlar tomonidan bajarilgan vazifalarni tobora yaxshiroq uddalayotgani sabab boʻlmoqda.

Bankning bosh ijrochi direktori Piyush Gupta ushbu rejani Press Trust of India nashriga tasdiqlagan. Uning ta'kidlashicha, vaqtinchalik xodimlar va shartnoma boʻyicha ishchilar ishdan boʻshatiladi, qisqartirishlar doimiy xodimlarga ta'sir koʻrsatmaydi.

Qayd etilishicha, DBS bankining shtati salkam 41 ming kishini tashkil etadi.

Bloomberg Intelligence’ning yozishicha, yaqin 3-5 yil ichida dunyo banklari sun'iy intellektning joriy etilishi sabab 200 minggacha ish oʻrinlarini qisqartirishi mumkin. Shu bilan birga, JPMorgan Chase’da sun'iy intellektga mas'ul boʻlgan Tereze Xaytsenreterning soʻzlariga koʻra, hozircha ushbu texnologiyaning joriy etilishi evaziga bank shtatlari faqat kengaytirilmoqda.

Avvalroq Janubiy Koreya shaharlari sun'iy intellekt sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashga tobora koʻproq e'tibor qaratayotgani, mamlakatning turli joylarida ixtisoslashtirilgan ta'lim markazlari va yangi oʻquv dasturlari ochilayotgani toʻgʻrisida xabar berilgandi.

2024 yil yanvar oyida Davosda boʻlib oʻtadigan Jahon iqtisodiy forumi oldidan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan e'lon qilingan tadqiqotda sun'iy intellekt texnologiyalari ilgʻor mamlakatlardagi ish oʻrinlarining 60 foiziga ta'sir koʻrsatishi mumkinligi qayd etilgandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo