
Foto: AP
Avstraliyaning gʻarbiy qirgʻoqlarida 2014 yil 8 martda yoʻqolgan Malaysia Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 777-200 samolyotini qayta qidirish ishlari boshlandi. Kuala-Lumpurdan Pekinga yoʻl olgan ushbu samolyot radarlardan gʻoyib boʻlgan edi, deb yozadi 9News.
Havo kemasi Kuala-Lumpurdan uchib ketganidan taxminan 40 daqiqa oʻtib oxirgi marta aloqaga chiqqan. Harbiy radar Boeing yoʻnalishdan ogʻib, Malayziyaning shimoliy qismi va Andaman dengizi ustidan uchib oʻtganini, keyin janubga burilib, gʻoyib boʻlganini qayd etgan. Layner bortida 239 kishi boʻlgan.
Yoʻqolgan samolyotni Ocean Infinity kompaniyasi qidiradigan boʻldi. Agar kompaniya hech narsa topa olmasa, Malayziya hukumati ish uchun haq toʻlamaydi.
Kompaniya Pert qirgʻoqlaridan taxminan 1500 kilometr uzoqlikda Hind okeanining 15 ming kvadrat kilometrga yaqin maydonini tekshiradi. Ocean Infinity ushbu qidiruv operatsiyasi avvalgilariga qaraganda aniqroq va maqsadli boʻlishini ta'kidladi.
Samolyot parchalari topilgan taqdirda, ularni kim oʻrganishi hali noma'lum. Asosiy e'tibor qora qutilarga qaratiladi, chunki ularning tahlili samolyotga nima boʻlganini tushunishga yordam beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar