
24 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Fransiya prezidenti Emmanuel Makronni qabul qildi. Angela Merkel ketganidan keyin Evropada aynan Makron etakchilikni qoʻlga olgan. AQSh urush muzokaralarida Evropani ochiqchasiga chekkaga chiqarib qoʻygan bir vaqtda Vashingtondagi bu uchrashuv ayniqsa ahamiyatli boʻldi.
Uchrashuv davomida Donald Tramp bir qator bayonotlar berdi. Xususan, Ukraina prezidenti Zelenskiy mineral resurslar toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolashini aytdi: «Zelenskiy shu hafta yoki kelasi hafta kelishi mumkin. Men uni jon deb oval kabinetda kutib olgan boʻlardim», dedi Tramp. Uning soʻzlariga koʻra, Vashington va Kiyev mineral resurslar, shuningdek, boshqa masalalar boʻyicha kelishuvga erishishga yaqin.
Tramp tomonlar resurslar boʻyicha kelishuv ustida ishlayotganini aytdi. Aftidan, Zelenskiy AQSh moliya vaziri olib borgan birinchi kelishuvni imzolamasligini aytgandan keyin AQSh va Ukraina uni yumshatish ustida ishlayotgan koʻrinadi.
Tramp navbatdagi marta urushda yosh, chiroyli odamlar oʻlayotgani, uni toʻxtatish kerakligini ta'kidladi. «Menimcha, urushni bir necha haftada tugata olamiz, agar aqlli boʻlsak. Aqlli boʻlmasak, barchasi davom etadi, biz yosh, chiroyli odamlarni yoʻqotaveramiz. Ular oʻlmasligi kerak, biz buni istamaymiz», dedi AQSh prezidenti Makron bilan uchrashuv vaqtida. «Men eskalatsiya davom etishiga va uchinchi jahon urushi boshlanishiga yoʻl qoʻymayman», deb qoʻshimcha qildi respublikachi.
Koʻpchilik Tramp urushni tugatish boʻyicha yangi muddat – «ushbu haftada» deyishga odatlanganiga e'tibor qaratdi. Xuddi saylov kampaniyasi vaqtida urushni bir kunda tugataman degani kabi. Jurnalistlar bu borada Kiyev va Moskvadan izoh soʻrashdi. Kremlda bu masalada Oq uydagilar tushuntirish berishi ma'qulligini aytishdi. Zelenskiy esa 23 fevral kuni urush aniq bu hafta tugamasligini aytgandi.
Makron nimalar dedi?
Tramp Ukrainadagi urush muzokaralarini faol boshlab, ochiqchasiga Rossiyaga yoqadigan pozitsiya egallaganidan keyin Makron boshchilik yevropaliklar Ukrainaga bundan keyin ham AQShdan mustaqil tarzda yordam berishda davom etish boʻyicha kelishib olgandi. Tramp Zelenskiyga tahdid qila boshlagach, Makron Evropa liderlarini favqulodda uchrashuvga chaqirib, qit'adagi xavfsizlik masalalarini muhokama qilgandi.
Makron Tramp bilan uchrashuvni yaxshi baholadi, AQSh prezidenti urushni tugatishga kirishganini olqishladi, lekin uning gaplaridan Trampning oxirgi vaqtdagi ritorikasiga qarshi ekani sezilib turdi. Masalan, Makron «muzokaralar vaqtida ehtiyot boʻlish kerakligini» aytdi. «Ukraina uch yil juda qiyin kunlarni boshdan kechirdi. Ular oʻz hududi va suverenitetini himoya qilmoqda. Biz tinchlik xohlaymiz. Prezident Trampning tashabbuslari ijobiy. Lekin muzokaralar vaqtida ehtiyot boʻlish lozim, biz Ukrainaga aniq nimadir berishimiz kerak», dedi Makron.
Shuningdek, Makron va'da qilganidek Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainaga tinchlik kafolati berishga tayyorligi haqidagi rejani Trampga taqdim etgan. «Biz Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari rejasini ishlab chiqdik. Bunda ish harbiylarni yuborishgacha borishi mumkin, ular front chizigʻiga borishi ham shart emas, shunchaki kafolat oʻlaroq yuboriladi», dedi Makron.
«9 may – juda erta»
Bir necha kun avval AQSh prezidenti 9 may kuni gʻalaba paradida Moskvaga borarkan, oʻsha erda Putin Tramp ishtirokida Rossiya Ukraina ustidan gʻalaba qozongani haqida e'lon qilarkan degan xabarlar chiqqandi. Tramp bu gaplarni oʻsha kunning oʻzidayoq rad qilgandi. Undan Makron bilan uchrashuv vaqtida ham shu haqda soʻrashdi. «Moskvaga hammasi joyiga tushganda boraman. 9 may – juda erta», dedi Tramp.
AQSh prezidentidan tinchlik kelishuvida Ukraina oʻz erlaridan voz kechishi qayd etiladimi, deb soʻrashdi. Tramp bu hozircha ma'lum emasligi, lekin Ukraina bir qism erlarini qaytarishiga umid qilishini aytdi.
Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar