
Ukraina va AQSh oʻrtasidagi mineral resurslar boʻyicha kelishuv aftidan urushni tugatishda burilish nuqtasi boʻladi. Ushbu kelishuv atrofida yangi tafsilotlar paydo boʻldi, deb yozadi Kun.uz nashri.
AQSh Ukrainaga yon berdimi?
Financial Times shu kunlarda kelishuvga oid yangi tafsilotlarni e'lon qildi. Unda aytilishicha, Kiyev va Vashington kelishuv shartlari boʻyicha kelishuvga erishgan. Nashrning yozishicha, AQSh kelishuvning eng mojaroli qismi – Ukraina 500 milliard dollarlik resurslarni berishi kerak degan joyini olib tashlashga rozi boʻlgan. Ya'ni kelishuv masalasida Vashington Kiyevga yon bergan.
Financial Times suhbatdoshlari Ukraina AQSh bilan muzokaralarda kelishuvni ancha real koʻrinishga keltirishga erishgani haqida aytgan. Qayd etilishicha, bu kelishuv imzolanishi AQSh bilan munosabatlar keng yoʻnalishda davom etishini ta'minlaydi.
Jurnalistlar hujjatning oxirgi variantini oʻqib chiqishga muvaffaq boʻlgan. Unda aytilishicha, Vashington va Kiyev Ukrainadagi mineral resurslardan tushadigan kelajakdagi daromadlar evaziga maxsus fond tashkil qilib, pulni boʻlishadi. Ushbu fond asosan Ukrainadagi loyihalarni moliyalashtirishga qaratiladi.
Shuningdek, kelishuvdan Ukraina byudjetiga pul olib kelayotgan resurslar boʻyicha joyi ham olib tashlangan. Ya'ni Amerika Ukrainadagi neft va gaz sohalariga tegmaslikka rozi boʻlgan.
Ammo kelishuvda hozircha Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari boʻyicha hech narsa deyilmagan. AQSh ushbu fonddan qancha ulush olishi ham keyingi muzokaralar davomida belgilanishi qayd etilgan. Aftidan, bu hal qiluvchi detallar Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy oʻrtasidagi uchrashuvda aniqlashtiriladi. Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonga borib, Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda.
«Ularga Javelinʼni men berganman»
AQShning milliarder prezidenti Donald Tramp Kiyev sezilarli yon berilgan boʻlsa-da, u taklif qilgan kelishuvga rozi boʻlgani haqida xabarlar fonida butunlay boshqacha gaplarni ayta boshladi. Zelenskiy jurnalistlar oldiga chiqib, men ukrainlarning oʻn avlodi toʻlaydigan kelishuvni imzolamayman, degan vaqtida Tramp uning manziliga qanday tahdidlar qilganini eslang. Endi Tramp Ukraina kelishuv doirasida 350 milliard dollarga, juda katta harbiy yordamga va urushni davom ettirish huquqiga ega boʻlishini aytmoqda.
E'tibor bering, Tramp Rossiya bilan kelishuv boʻlmaguniga qadar Ukrainaga harbiy yordam yuborilaverishini aytdi. Axir Bayden ma'muriyati davrida ajratilgan qurollar hamon Ukrainaga etkazib turilibdi.
Yana Tramp tankka qarshi Javelin raketalarini aynan u Ukrainaga berganini aytdi. «Ukrain askarlari juda jasoratli, lekin bizning qurollarsiz bu urush juda tez tugagan boʻlardi. Aslida ularga Javelinʼni men berganman, ular Javelin bilan koʻp tanklarni yoʻq qilishdi», dedi Tramp.
Ana shunaqa gaplar. Bugungi dunyo siyosati har qancha chigal boʻlmasin, juda katta pul oʻrtaga chiqqanda siyosat ham, printsiplar ham «chekkaga chiqib jimgina tamaki tutatadi». Hali bu erda Putin Trampga Rossiyada nodir metallar qazib olishni taklif qilmoqda. Xullas, qiziq ishlar boshlanyapti. Bizni kuzatishda davom etsangiz, muhim voqealardan bexabar qolmaysiz.
Oʻtkir Jalolxonov tayyorladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar