19:15 / 01.03.2025
488

Zelenskiy Tramp bilan tortishganidan keyin uzr so‘rashni istamadi

Zelenskiy Tramp bilan tortishganidan keyin uzr so‘rashni istamadi
Foto: Reuters
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH prezidenti Donald Tramp bilan tortishganidan so‘ng, Fox News telekanaliga bergan intervyusida o‘z mamlakatiga ko‘rsatgan yordami uchun Qo‘shma Shtatlarga minnatdorchilik bildirdi. Biroq uzr so‘rashi kerakmi, degan savolga salbiy javob berdi.

Ukraina yetakchisi xavfsizlik kafolatlari haqidagi avvalgi tezislarini takrorlab, ularsiz o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasligini ma’lum qildi.

Avvalroq, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Zelenskiyni «bu ishni rasvo qilgani uchun» uzr so‘rashga chaqirgan edi.

Oval kabinetdagi uchrashuv janjal va gap talashishga aylanib ketganidan so‘ng, Ukraina tomoni boshqa xonaga kirdi, deb xabar berdi CBS News. Shundan so‘ng Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va Davlat kotibi Marko Rubio ularga Oq uyni tark etishni aytdi. Telekanal manbasi so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy vaziyatni yumshatishga urinib, uchrashuvni qayta tiklashni so‘ragan, biroq Tramp va boshqa AQSH rasmiylari Ukraina prezidentining xatti-harakatidan «ranjigan». Foydali qazilmalar bo‘yicha bitim esa imzolanmadi.

The Economist nashrining yozishicha, Zelenskiy Oq uyga kelganida AQSH-Ukraina munosabatlari allaqachon «mo‘rt va noaniq» edi, biroq u ketganida «parchalandi». Financial Times nashriga ko‘ra, Oq uydagi uchrashuv imkon qadar yomon boshlandi. Zelenskiy AQSH va Rossiya yetakchilari o‘rtasida qoldi, ular Ukraina prezidenti bilan emas, ko‘proq o‘zaro murosaga kelgan ko‘rinadi. «Endi AQSH Ukrainadan voz kechgani ma’lum bo‘ldi», deb yozdi nashr.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo