
Foto: AFP
NATO bosh kotibi Mark Ryutte BBC bilan suhbatda Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi kechagi kelishmovchilikni «afsuslanarli» deb atadi. U Ukraina prezidentiga Oq uy bilan munosabatlarni tiklash kerakligini aytdi.
«Prezident Zelenskiy bilan allaqachon ikki marta telefonda gaplashdim. Unga Ukrainani mustahkam tinchlikka olib borish uchun AQSH ham, Ukraina ham, Yevropa ham birgalikda bo‘lishi kerakligini aytdim», dedi Ryutte.
NATO bosh kotibi Ukraina prezidenti bilan suhbatlarning barcha tafsilotlarini oshkor etolmasligini, ammo unga «prezident Trampning Ukraina uchun qilgan ishlarini hurmat etish kerakligini tushuntirganini» ta’kidladi. Jumladan, 2018 yilda Trampning birinchi prezidentlik davrida AQSH tomonidan Kiyevga yetkazilgan tankka qarshi Javelin raketalarini eslatdi.
Ryutte, shuningdek, AQSH prezidenti Ukrainada barqaror tinchlik o‘rnatilishini xohlayotganini ta’kidladi, biroq ayni paytda Oq uy NATO bo‘yicha Kanada va yevropalik hamkorlaridan mudofaa uchun ko‘proq mablag‘ sarflashini kutmoqda.
«Ishonchim komil, AQSH Ukrainani barqaror tinchlik sari yetaklamoqchi... Lekin buning uchun ular hammamiz birgalikda ishlayotganimizga ishonch hosil qilishi kerak. Prezident Zelenskiy Amerika prezidenti va Amerika oliy rahbariyati bilan munosabatlarini qayta tiklash yo‘lini topishi muhim», dedi NATO bosh kotibi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar