
15 oylik urushdan keyin bor-budi – boshpanasi, misqollab yiqqan bisoti va yaqinlaridan ayrilgan G‘azo ahli Ramazon oyini ming bir mashaqqat bilan o‘tkazmoqda.
Isroil armiyasi hujumlari oqibatida G‘azo sektoridagi o‘n minglab turarjoylar, 823 ta masjid, 3 ta cherkov, 130 dan ziyod ta’lim maskanlari vayron bo‘lgan.

Xon Yunus shahri. Zulmat ichra nur.
Foto: The New York Times
Jahon axborot agentliklari xabariga ko‘ra, butun G‘azo sektori yer bilan bitta qilingani, oziq-ovqat taqchilligi kuchayib borayotganiga qaramay, falastinliklar ro‘za tutib, kamtarona bo‘lsa-da iftorlik dasturxoni yozmoqda.
«Huvillab qolgan G‘azoga ham Ramazon keldi. Butun dunyo ro‘za va ibodat oyiga bayromona kayfiyatda qadam qo‘ygan bo‘lsa, biz uni mahzunlik va g‘am ila qarshiladik. O‘t ochishni to‘xtatish uzoq davom etishiga ishonch yo‘q. Odamlar bezovta, jonsarak, ular urush yana qayta boshlanishidan xavotirda», – deb yozadi g‘azolik talaba Isro Abu Qamar «Al-Jazira» saytida chop etilgan maqolasida.

G‘azo ahli Ramazonni ikkinchi bor urush sharoitida o‘tkazmoqda. Foto: Anadolu Agency
G‘azoda oziq-ovqat o‘ta taqchillashgan, bori ham bir necha barobar qimmat narxda sotilmoqda. Yo‘qchilik sharoitida aksar oilalar saharlik va iftorlik uchun arang yegulik topmoqda. Buning ustiga, g‘anim o‘qiga uchgan minglab g‘azoliklarga bu yil Ramazonni qarshilash baxti nasib etmadi.
«Urush payti 48 mingdan ziyod kishi halok bo‘ldi. Rasmiy hujjatlardan butun boshli oilalar nomi o‘chdi, afsuski, ular bu yil ro‘za tuta olmaydilar. Iftor dasturxoni atrofidagi joylar bo‘m-bo‘sh: farzandlarini og‘iz ochishga chorlagan otaning ovozi endi eshitilmaydi, iftor paytini intizor kutgan o‘g‘ilning chehrasini endi hech kim ko‘rmaydi, mazali taomlar tayyorlagan ona ham bu dunyoni tark etgan. Men ham qadrli insonlarimni yo‘qotdim», – deb yozadi Isro Abu Qamar.
G‘azolik talaba mintaqadagi masjidlar vayron etilgani, hatto qadimiy Umar jome’ masjidi ham bomba ostida qolgani, muazzinlarning dilga orom bag‘ishlovchi ovozi o‘rnini raketa va bomba shovqini egallaganini afsus bilan qayd etadi.

Jabaliyalik ayol iftorlik uchun qo‘lbola o‘choqda taom hozirlamoqda. Foto: AP
Muallifga ko‘ra, garchi G‘azo sektori butkul vayron etilgan bo‘lsa-da, jafokash falastinliklarning ozod va hur yashashga bo‘lgan ishonchi aslo so‘nmagan.
«Masjidlarimiz vayron etilgandir, ammo bizning imon-e’tiqodimiz singani yo‘q. Biz xarob uylarda, chodirlarda bo‘lsa-da taroveh namozini ado etamiz, sidqidildan duo qilamiz, Qur’on tilovat etamiz. Imonimiz komilki, Alloh biz chekkan azob-uqubatlar uchun ulkan ajr beradi», – deydi Isro Abu Qamar.
19 yanvar kuni tuzilgan sulh bitimiga muvofiq, Isroil ma’muriyati G‘azoga oziq-ovqat va boshqa zaruriy buyumlar keltirilishiga ruxsat bergan edi. Ammo so‘nggi xabarlarga qaraganda, Binyamin Netanyahu hukumati HAMAS harakati sulh bitimini buzganini iddao qilgan va o‘zi shundoq ham ochlik, tashnalik sharoitida yashayotgan anklavga insonparvarlik ko‘magi kirishini to‘xtatgan.

Boriga qanoat qilayotgan rafahliklar. Foto: AFP
Isroil armiyasi bombardimon va otishmalarni ham qayta boshlagan.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridan falastinliklarni ko‘chirishdek o‘ta bahsli taklifni ilgari surgan edi. «France24» muxbiri bilan suhbatlashgan g‘azoliklar har qanday mushkul vaziyatda ham o‘z vatanlarini aslo tark etmasliklarini aytishgan.

Jabaliya. Vayronalar ichida iftorlik. Foto: Xinhua
Isroilning jangovar harakatlari oqibatida G‘azo sektorida gumanitar inqiroz yuzaga kelgan, minglab oilalar kunlik g‘izo – oziq-ovqatdan mahrum qolmoqda. Xalqaro tashkilotlar Isroil 2,3 million nufusli hududga insonparvarlik ko‘magini o‘tkazishga to‘sqinlik qilayotganini tanqid qilib keladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar