
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda ijobiy o‘zgarishlar borligini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ikki davlat vakillari bo‘lajak uchrashuv ustida ish boshlagan.
Zelenskiy bu haqda 6 mart kuni o‘z videomurojaatida gapirdi. Undan so‘ng, Ukraina prezidentining shtab boshlig‘i Andrey Yermak AQSH Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Vals bilan telefon orqali suhbatlashganini va muzokaralar natijalari kelasi haftada e’lon qilinishi mumkinligini ma’lum qildi.
Adolatli tinchlik sari qadam
Andrey Yermak o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Mayk Vals bilan telefon suhbati haqida alohida post yozdi. Unda,
«Biz adolatli va mustahkam tinchlik yo‘lida keyingi qadamlarni muhokama qildik. Shuningdek, AQSH va Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda pozitsiyalarni moslashtirish haqida ham fikr almashdik», – deb yozadi Yermak.
Zelenskiy o‘z videomurojaatida Bryusselda bo‘lib o‘tadigan Yevropa Ittifoqi sammiti oldidan qator xalqaro ishlar amalga oshirilganini ham ta’kidladi. Ukraina rahbari Gollandiya, Portugaliya, Sloveniya va Germaniya yetakchilari bilan muloqot qilib, ularga qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirganini aytdi.
AQSH Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatdi
Bu muzokaralar AQSHning Ukrainaga rus qo‘shinlari harakatlari haqidagi muhim razvedka ma’lumotlarini bermaslik haqida qaror qabul qilganidan keyin sodir bo‘lmoqda.
Amerika Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Vals 6 mart kuni bu haqda shunday degan:
«Biz orqaga qadam tashladik, vaqtinchalik tanaffus qildik va munosabatlarimizning barcha jihatlarini ko‘rib chiqyapmiz».
Bu qaror Vashington va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlardagi keskinlikni ko‘rsatmoqda. AQSH 4 mart kuni Ukrainaga harbiy yordamni vaqtincha to‘xtatgan edi. Zelenskiy esa muzokaralarga tayyor ekanini e’lon qildi va Ukraina bilan Amerika o‘rtasidagi sheriklik munosabatlarini saqlab qolish muhimligini qayd etdi.
AQSH va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar yana jonlanayotgani ko‘zga tashlanmoqda. Zelenskiy va Yermak bildirishicha, AQSH va Ukraina o‘rtasida yangi uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilmoqda va bu tinchlik muzokaralariga yo‘l ochishi mumkin.
Biroq Vashingtonning Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatishi, shuningdek, AQSH harbiy yordamining vaqtincha to‘xtatilishi Ukraina uchun jiddiy sinov bo‘lib qolmoqda. Bunga qanday yechim topilishi esa kelgusi haftadagi muzokaralarda oydinlashadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar