
AQSH prezidenti Donald Tramp G‘azo sektoridagi garovdagilarni ozod qilish talabini bildirganidan so‘ng, HAMAS uning so‘zlariga munosabat bildirdi. Bu haqda Al Arabiya nashri xabar tarqatdi.
HAMAS vakili Abdul-Latif al-Qanua AQSH rahbarining bayonotini tanqid qilib, bunday tahdidlar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlash va G‘azo qamalini kuchaytirishni anglatishini bildirdi.
HAMAS: "Tinchlik kelishuviga amal qilish kerak"
Abdul-Latif al-Qanua garovdagilarning ozod etilishi uchun eng samarali yo‘l tinchlik kelishuvining ikkinchi bosqichiga o‘tish ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, vositachilar homiyligida imzolangan shartnomaga amal qilish zarur.
Yanvar oyida kuchga kirgan tinchlik kelishuvi AQSH vakili, shuningdek, Bayden ma’muriyatining iste’foga chiqayotgan vakillari ishtirokida muhokama qilingan edi. 2 mart kuni kelishuvning birinchi bosqichi tugadi, ammo Isroil undan so‘ng G‘azoga gumanitar yordam kirishini taqiqladi va HAMASdan urush muzokaralariga kirishmasdan turib, qolgan garovdagilarni ozod qilishni talab qildi.
Bu cheklov G‘azoda yashovchi 2,3 million aholi orasida ocharchilik xavfini kuchaytirishi mumkin, deydi tahlilchilar.
Trampning keskin tahdidi
Tramp HAMASga qaratilgan oxirgi ogohlantirishini e’lon qildi:
"Tanlov sizning qo‘lingizda. Barcha garovdagilarni hoziroq, kechiktirmasdan ozod qiling va o‘ldirilgan odamlarning jasadlarini darhol qaytarib bering, aks holda sizga juda yomon bo‘ladi. Agar aytganimni qilmasangiz, HAMASning birorta a’zosi ham omon qolmaydi. Men Isroilga bu ishni yakunlash uchun barcha zarur narsalarni yubormoqdaman."
Tramp G‘azo aholisiga murojaat qilib, ularni garovdagilarni ozod qilishga chaqirdi, aks holda ularni og‘ir oqibatlar kutayotganini ta’kidladi:
"G‘azo xalqiga esa: sizni ajoyib kelajak kutmoqda, lekin garovdagilarni ushlab tursangiz, bu sizga nasib etmaydi."
Tramp Isroilga harbiy yordamni davom ettirmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp 42 kun ichida Isroilga 12 milliard dollarlik harbiy yordam yuborgan. AQSH prezidenti tashqi yordam dasturlarini moliyalashtirishni to‘xtatganiga qaramay, Isroilni harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
3 mart kuni Tramp Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish haqida qaror chiqargan edi. Bu esa xalqaro maydonda keskin bahslarga sabab bo‘ldi.
HAMAS va AQSH o‘rtasidagi keskin munosabatlar va tinchlik muzokaralari bo‘yicha kelishmovchilik G‘azo hududidagi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin. Hozircha, tomonlar o‘zaro murosa topa olmayapti va bu nizo xalqaro maydonda ham katta e’tibor qozonmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar