13:28 / 14.03.2025
114

Germaniyada «katta koalitsiya» tuzish bo‘yicha muzokaralar boshlandi

Germaniyada «katta koalitsiya» tuzish bo‘yicha muzokaralar boshlandi
Bundestagga navbatdan tashqari saylovlardan ikki yarim hafta o‘tgach, Berlinda Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) konservativ bloki hamda Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) o‘rtasida hukmron koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralar boshlandi. 13 mart, payshanba kuni kechqurun Berlindagi XDI qarorgohida konservatorlar va sotsial-demokratlarning muzokara guruhlari uchrashdi.

Muzokaralar 16 ta ishchi guruhda bo‘lib o‘tadi

Avvalroq, bo‘lajak «katta» koalitsiyaning har ikki ishtirokchisi muzokaralarda ishtirok etadigan o‘z delegatsiyalari a’zolari nomini ma’lum qilgan edi. Ular har biri 16 ta ishtirokchidan iborat 16 ta turli ishchi guruhlarda koalitsiya kelishuvini ishlab chiqishi va 24 martgacha koalitsiya kelishuvi bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishlari kerak. Migratsiya, budjet, soliq va mudofaa kabi masalalar yuzasidan murakkab muzokaralar kutilmoqda.

Ishchi guruhlarning muhokamasi natijalari muzokaralarning yakuniy bosqichida taqdim etiladi, unda 19 kishi, jumladan, uch partiya yetakchilari – Germaniyaning navbatdagi kansleri, xristian-demokrat Fridrix Mers, sotsial-demokratlar Lars Klingbayl va Saskia Esken, shuningdek, Bavariya bosh vaziri va XSI rahbari Markus Zyoder ishtirok etadi.

23 fevral kuni Bundestagga bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlardan so‘ng, ovoz berishda g‘olib bo‘lgan muxolifatdagi XDI/XSI bloki hozirgi hukmron koalitsiya a’zosi GSDP bilan dastlabki maslahatlashuvlarni boshladi. Ushbu bosqich 8 mart kuni yakunlandi va natijada bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha murosaga kelish, jumladan, migratsiya siyosatini qat’iylashtirish, shuningdek, moliya siyosatidagi keng ko‘lamli o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi asos hujjati loyihasi taqdim etildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo