
Kanadaning yangi bosh vaziri Mark Karni AQSH bilan savdo ziddiyatlari kuchaygan bir paytda Fransiya bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga qaror qildi. U o‘zining ilk xorijiy tashrifi doirasida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi.
Karni AQSH tomonidan Kanadaga nisbatan qo‘llanilgan bojxona to‘lovlarining oshirilishini "kanadaliklarga qarshi hujum" deb baholagan edi. Shu bilan birga, u Ottavaning javob choralari AQSH iqtisodiyotiga maksimal darajada ta’sir qilishi, Kanadaga esa minimal darajada zarar yetkazishiga va’da berdi.
Fransiya bilan munosabatlarni mustahkamlash muhimligini qayd etar ekan, Karni: "Bugun dunyo bo‘ylab ko‘plab hukumatlar suverenitet va xavfsizlik tamoyillarini rad etishmoqda. Bu sharoitda Kanada uchun Fransiya kabi ishonchli ittifoqchilar bilan aloqalarni yanada kuchaytirish har qachongidan muhimroqdir", dedi.
Karnining ta’kidlashicha, Ottava va Parij o‘rtasidagi hamkorlik diplomatik munosabatlarning kengayishi va iqtisodiy imkoniyatlarni oshirishga qaratilgan bo‘ladi. Bosh vazirning fikricha, ushbu tashrif tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishi lozim.
Nima sababdan o‘zining ilk xorijiy tashrifi uchun aynan Parijni tanlaganiga izoh berarkan, Mark Karni "chunki kanadaliklar Fransiyani yaxshi ko‘radilar", deb ta’kidladi va Kanadani "Yevropaga mansub bo‘lmagan davlatlar orasida eng yevropacha davlat" sifatida ta’rifladi.
Bu uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi strategik munosabatlarning kelajagi uchun muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar