14:20 / 20.03.2025
215

AQSH Eronga texnologiya sotganlikda ayblanayotgan xitoylikni ushlash uchun 15 mln dollar va’da qildi

AQSH Eronga texnologiya sotganlikda ayblanayotgan xitoylikni ushlash uchun 15 mln dollar va’da qildi
Amerika Qo‘shma Shtatlari Federal qidiruv byurosi (FQB) Eronga harbiy texnologiyalarni noqonuniy yetkazib berishda ayblanayotgan xitoylik Chjunni qo‘lga olish uchun 15 million dollarlik mukofot tayinladi.

FQB ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy fuqarosi Amerika elektron komponentlarini Xitoy va Gonkong orqali Eronning Islom inqilobi gvardiyasi va uning Quds kuchiga yetkazib bergan. AQSH ushbu tashkilotlarni xorijiy terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan bo‘lib, ular dronlar, ballistik raketalar va boshqa harbiy texnikalar ishlab chiqarishda aynan shu komponentlardan foydalangan deb hisoblaydi.

Shuningdek, 2024 yilda AQSH Adliya departamenti Chjundan tashqari yana uch nafar xitoylikni Eron uchun harbiy maqsadlarda foydalaniladigan komponentlarni noqonuniy yetkazib berishda ayblagan.

AQSH Davlat departamenti bayonotida qayd etilishicha, Eronning Islom inqilobi gvardiyasi dunyodagi ko‘plab terrorchilik guruhlari, jumladan, HAMAS, “Hizbulloh” va Iroqdagi Eron tarafdori bo‘lgan qurolli guruhlarni moliyalashtirib keladi. Moliyalashtirishning bir qismi harbiy texnika, jumladan, dronlar sotish orqali amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH prezidenti Donald Tramp ikki hafta avval Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiyga yadroviy qurol yaratilishining oldini olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlash taklifini o‘z ichiga olgan maktub yo‘llaganini ma’lum qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo