00:42 / 25.03.2025
395

Ijtimoiy tarmoqlar yolg‘izlik hissini kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda

Ijtimoiy tarmoqlar yolg‘izlik hissini kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda
So‘nggi tadqiqotlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan vaqt insonda yolg‘izlik hissini kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Har qanday ijtimoiy platforma odamlar o‘rtasida aloqani osonlashtirishga qaratilgan bo‘lsa-da, ko‘plab foydalanuvchilar o‘zini yolg‘iz his qiladi. Bundan tashqari, mutaxassislar bu holatni hatto “yolg‘izlik epidemiyasi” deb ta’riflamoqda.

Tadqiqot natijalari nima deydi?

Tadqiqotchi Jeyms A. Robertsning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda telefon va ijtimoiy tarmoqlarning inson farovonligiga ta’siri bo‘yicha ko‘plab izlanishlar o‘tkazilgan. Ulardan olingan ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot qilish haqiqiy muloqotni to‘liq almashtira olmasligini ko‘rsatadi. Hatto tadqiqotchilar internetda o‘tkazilgan vaqtning ortishi kuniga 15 marta tamaki chekish bilan teng zararga ega ekanini ta’kidlashmoqda.

Gollandiyada 2008 yildan beri o‘tkazilayotgan uzoq muddatli internet tadqiqotiga asosan, foydalanuvchilarning internetda o‘tkazgan vaqti va ulardagi yolg‘izlik darajasi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligi aniqlangan. Ayniqsa, passiv foydalanish (lenta ko‘rish, profillar tekshirish) yolg‘izlik darajasini oshiradi. Bunga sabab shundaki, inson boshqalarning ideallashtirilgan hayotlarini ko‘rib, o‘zini yomon his qilishi va real hayotda muloqotni kamaytira boshlashi mumkin.

Nima qilish kerak?

Mutaxassislar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni tartibga solishni va ularni faqat ijobiy maqsadlarda ishlatishni tavsiya qilishadi. Bunda:
  • Haqiqiy muloqotga e’tibor qaratish – oila va do‘stlar bilan real hayotda ko‘proq vaqt o‘tkazish.
  • Ijtimoiy tarmoqlardan foydali maqsadlarda foydalanish – o‘quv materiallari, ijodiy faoliyat va kasbiy rivojlanish uchun ishlatish.
  • Onlayn va oflayn muvozanatini saqlash – internetda o‘tkazilgan vaqtni nazorat qilish va faol hayot tarzini olib borish.

Shu tariqa, ijtimoiy tarmoqlar inson hayotida foydali vosita bo‘lishi mumkin, lekin uning to‘g‘ri ishlatilishi muhim ahamiyatga ega.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo