645
Turkiyada soxta «xazina xaritalari» orqali firibgarlik bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Turkiyada huquq-tartibot idoralari 1,32 million dollardan ortiq mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan jinoiy guruhni fosh qildi. Ular mahalliy aholini soxta «xazina» xaritalari orqali aldagan, deb xabar beradi Hurriyet nashri.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchilar Tunjeli viloyatidagi qishloqlarga borib, mahalliy aholiga qadimiy xazinalarni topishni taklif qilgan. Ular qo‘lda chizilgan, sun’iy ravishda qadimgi ko‘rinishga keltirilgan xaritalarni taqdim etib, ayrim joylarda qimmatbaho artefaktlar ko‘milganiga ishontirgan.
Firibgarlik sxemasi
Firibgarlarga ishongan mahalliy aholi ular ko‘rsatgan joylarda qazish ishlarini boshlagan va yer ostida haqiqatdan ham haykalchalar va boshqa «qadimiy buyumlar» topilgan. Biroq keyinchalik ularni firibgarlarning o‘zi oldindan yerga ko‘mib qo‘ygani ma’lum bo‘lgan.
Jinoiy sxemaga o‘zini ruhoniy sifatida ko‘rsatgan shaxs ham qo‘shilgan. U videomuloqot orqali aldanganlarga topilgan buyumlarni Turkiyada sotish imkoni yo‘qligini, ammo chet elda ularga talab borligini aytgan. Shuningdek, ularni sotish va ishonchli xaridor topish evaziga ma’lum miqdorda mablag‘ talab qilgan. Natijada, firibgarlar jami 1,32 million dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.
Jinoyatchilar qo‘lga olindi
Odamlarning shikoyatlaridan so‘ng jandarmiya mamlakat bo‘ylab to‘qqizta viloyatda maxsus operatsiya o‘tkazgan. Natijada, 25 nafar gumonlanuvchi hibsga olingan. Tintuvlar davomida ularning uylaridan haykalchalar, turli SIM-kartalar, qurollar va xorijiy valyuta musodara qilingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan sud jarayonlari davom etmoqda. Turkiya hukumatining ma’lum qilishicha, bu kabi firibgarlik sxemalaridan ehtiyot bo‘lish kerakligi haqida aholiga ogohlantirish berilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar