3 129
Rossiya armiyasidagi yo‘qotishlar ortmoqda: mart Rossiya artilleriyasi uchun «qora oy» bo‘ldi

Rossiya qurolli kuchlarining yo‘qotishlari keskin oshmoqda. Harbiy tahlilchi Aleksandr Kovalenkoning ma’lum qilishicha, 2024 yil 29 mart holatiga ko‘ra, Rossiya armiyasi 1543 ta to‘p artilleriya vositasini yo‘qotgan. Bu esa so‘nggi uch yilda qayd etilgan eng katta yo‘qotish hisoblanadi. "Oy tugashiga hali ikki kun bor, ammo allaqachon mutlaq rekord qayd etildi", — deb yozdi Kovalenko.
Shu bilan birga, Rossiyaning avtotransport vositalaridagi yo‘qotishlari ham rekordga yaqinlashmoqda. Fevralda 3472 ta avtotransport yo‘q qilingan bo‘lsa, 29 martga kelib, bu ko‘rsatkich 3297 tani tashkil qildi. Kovalenkoning ta’kidlashicha, artilleriya va avtotransportdagi yo‘qotishlar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, asosan qo‘shinlarning shturm harakatlaridagi talablar va maxsus zirhli texnikaning yetishmasligi bilan izohlanadi.
Eski yuk mashinalari frontda
Forbes nashrining yozishicha, Rossiya frontga 80 yillik yuk mashinalarini jalb qilmoqda. Kuzatuvchi Devid Aks ma’lumotiga ko‘ra, rossiyaliklar Ikkinchi jahon urushi davrida ishlab chiqarilgan GAZ-69 modelli yuk mashinalaridan foydalanishni boshlagan. Bu texnikaning ilk namunasi 1952 yilda zavoddan chiqqan, oxirgi modifikatsiyasi esa 1972 yilda ishlab chiqilgan.
Bunday texnikadan foydalanish Rossiya armiyasining demexanizatsiyalashuvi, ya’ni zamonaviy harbiy texnikalarning yetishmasligi bilan bog‘liq. Urush davomida Rossiyaning bronetexnika va og‘ir transport vositalaridagi yo‘qotishlari 20 mingdan oshgan. Solishtirish uchun, butun Britaniya armiyasida 18 ming texnika mavjud.
Fuqarolik texnikasiga talab ortmoqda
Rossiya armiyasidagi texnik yo‘qotishlar frontda fuqarolik avtotransport vositalaridan foydalanishga sabab bo‘lmoqda. Tahlilchilarning qayd etishicha, rossiyaliklar endi logistikadan tashqari, hujum operatsiyalarida ham yengil avtomobillar, minivenlar va hatto golfkarlardan foydalanishga majbur bo‘lishmoqda. Bu esa ularni minalar, artilleriya zarbalari va dron hujumlariga yanada ojiz qiladi.
Tahlillarga ko‘ra, Rossiyaning umumiy texnik yo‘qotishlarining 70% foizi aynan zirhsiz yuk mashinalari, yengil avtomobillar va boshqa fuqarolik transport vositalariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa yanada noqulay transport turlariga talabni oshirmoqda — hatto elektrosamokatlar, otlar va eshaklar kabi vositalardan ham foydalanish ehtimoli ortmoqda.
Rossiya hujumni davom ettira oladimi?
Devid Aksning ta’kidlashicha, demexanizatsiyaga qaramay, Rossiya armiyasi hali ham hujum operatsiyalarini davom ettirish salohiyatiga ega. Chunki rossiyaliklarda hali ham ukrainaliklarga nisbatan ko‘proq odam va texnika mavjud. Biroq, transport vositalarining yo‘qotilishi ularning strategik imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.
"Aniq sharoitlarda demexanizatsiyalangan rossiya polklari ukrain brigadalarini siqib chiqarishi mumkin. Biroq bunday qismlar Ukraina mudofaa chizig‘ida yuzaga kelgan yoriqlardan samarali foydalana olmaydi", — deya xulosa qiladi tahlilchi.
Rossiyaning harbiy texnikasidagi yo‘qotishlar va armiyaning demexanizatsiya jarayoni urushning bora-bora yanada og‘irlashishiga va Rossiya qo‘shinlarining manyovr qobiliyati cheklanishiga olib kelishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar