
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp Rossiyani Ukrainadagi bombardimonlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Air Force One bortida jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida Tramp shunday dedi:
“Biz Rossiya bilan gaplashyapmiz. Ular to‘xtashini istardik. Menga bombalashlari yoqmaydi. Bu urush har hafta minglab yoshlarning o‘limiga sabab bo‘lmoqda.”
U urushni “hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan dahshatli narsa” deb atadi va agar 2022 yilda prezident bo‘lganida, urushning oldini olishini 100% kafolatlaganini ta’kidladi.
Kreml javob berdi: “Oldin savollarga javob topish kerak”
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning chiqishiga javoban quyidagilarni ma’lum qildi:
“Putin o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo bungacha javobsiz qolgan savollar ko‘p. Kiyev rejimining nazoratsizligi, ekstremistik bo‘linmalar faoliyati, Ukrainadagi harbiylashtirish rejalari — bularning barchasi hal qilinishi lozim.”
Peskov Rossiya harbiylari “faqat harbiy nishonlarga zarba bermoqda” deya ta’kidlagan bo‘lsa-da, Ukrainadagi ko‘plab ijtimoiy obyektlar, xususan, turar joylar, maktab va shifoxonalar doimiy ravishda hujumlarga uchrayotgani kuzatilmoqda.
Kriviy Rihda halokatli zarba — 20 kishi halok bo‘ldi
4 aprel kuni kechqurun “Iskander-M” raketa kompleksidan uchirilgan raketa Kriviy Rihdagi turar joy hududiga kelib tushdi. Ukraina tomoni 20 nafar inson halok bo‘lgani va 70 dan ziyod kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Rossiya esa hujum “ukrainalik harbiylar yig‘ilishi bo‘lib o‘tayotgan restoranga” qaratilganini aytib o‘tdi.
Muzokaralar bor, lekin yaqinda yakun ko‘rinmayapti
AQSH fevral oyidan beri Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni faol olib bormoqda. Donald Tramp ham Vladimir Putin, ham Volodimir Zelenskiy bilan bir necha bor alohida gaplashgan. Saudiya Arabistonida bir nechta uchrashuvlar ham tashkil etilgan.
Shu bilan birga, Qora dengizda sulhga erishish bo‘yicha AQSH va Ukraina kelishgan bo‘lsa-da, Rossiya bu borada o‘z shartlarini ilgari surmoqda:
- Qishloq xo‘jaligi eksportchilariga qo‘yilgan sanksiyalar bekor qilinishi
- Rosselxozbank'ni SWIFT tizimiga ulash
AQSH tomoni Ukraina bilan “o‘t ochishni to‘xtatish” rejimiga kelishganini aytmoqda, ammo Rossiya bu shartga hozircha rozilik bergani yo‘q.
Urushni to‘xtatish haqidagi da’volar tobora ko‘paymoqda, ammo amaliy natijalar hozircha ko‘zga tashlanmayapti. Siyosiy muzokaralar qancha samarali bo‘ladi — vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!