

Apple kompaniyasi bojxona to‘lovlari oshishi arafasida Amerika bozorida iPhone va boshqa gadjetlar tanqisligi yuzaga kelmasligi uchun huddi kinofilmlardagiday tezkor harakat qildi.
The Times of India gazetasi tarqatgan xabarlarga ko‘ra, mart oyi oxirida Apple bor-yo‘g‘i uch kun ichida Hindistondan AQSHga beshta samolyotda mahsulot jo‘natishga muvaffaq bo‘lgan. Manbalar bu operatsiyani “bojlar joriy qilinishi arafasidagi strategik zaxira to‘plash” sifatida baholamoqda.
Xitoy ham “operatsiya”da qatnashdi
Gazeta manbalariga ko‘ra, Apple nafaqat Hindiston, balki Xitoy va boshqa muhim ishlab chiqarish markazlaridan ham qurilmalarni faol ravishda olib chiqargan. Bu kabi shoshilinch yetkazib berishlar “yangi bojlar kuchga kirishi ortidan yuzaga keladigan narx oshishidan avval mahsulotlarni omborlarga jamlash” maqsadida amalga oshirilgan.
iPhone narxi 43% oshishi mumkinmi?
Investitsiya tahlilchilari ogohlantirmoqda: agar Apple yangi tariflarni to‘liq iste’molchilar zimmasiga yuklasa, iPhone narxi AQSHda 43 foizgacha oshib ketishi mumkin. Shu bois, kompaniya avvaldan zaxira to‘plab, narxlar muvozanatini ma’lum vaqt saqlab qolishni maqsad qilgan.
Havo yuklariga shoshilinch talab ortib ketdi
Apple'ning bunday faol harakatlari boshqa kompaniyalarga ham ta’sir qildi. Xeneta logistika xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Xitoydan AQSHga havo orqali shoshilinch yuk yetkazib berish narxi 37 foizga oshgan. Bu esa butun bozorda “bojlardan qochish poygasi” boshlanganini anglatadi.
Zamin.uz tahlili: Applening bu manevri kompaniya strategiyasidagi yuksak darajadagi prognostika va tahlil qobiliyatini namoyon etadi. Bu voqea nafaqat texnologiya olami, balki global iqtisodiy munosabatlarda ham mustahkam bozor rejalari qay darajada muhim ekanini yaqqol ko‘rsatdi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar