
Reuters agentligining xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Trampga Kremlning Ukraina bo‘yicha shartlari yetkazilgan. Bu AQSH maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonidan amalga oshirilgan.
Dmitriyev — Uitkoff — Tramp zanjiri
Uitkoff Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan Vashingtonda uchrashuv o‘tkazgan. Ushbu uchrashuvdan so‘ng, u Kremlning talabini Trampga yetkazgan — Rossiya Donetsk, Lugansk, Zaporojjya va Xerson ustidan nazoratni rasman olishi kerak, degan shart qo‘yilgan.
Uitkoffning ta’kidlashicha, ushbu shart qabul qilinsa, tinchlik shartnomasi tezroq imzolanishi mumkin.
AQSHda norozilik
Biroq Trampning Ukraina bo‘yicha boshqa maxsus vakili — general Kit Kellog Uitkoffning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlamagan.
Kellog fikricha, Ukraina ayrim shartlarga rozi bo‘lishi mumkin, lekin hech qachon hududlarni bir tomonlama tartibda Rossiyaga berib yubormaydi.
Tramp atrofidagi ixtiloflar
Reuters ta’kidlashicha, Kreml tomonidan ilgari surilayotgan shartlar Tramp ma’muriyati ichida nizolarni kuchaytirmoqda. Ayrim respublikachilar Uitkoffni "haddan tashqari rossiyaparast" pozitsiyada bo‘lganlikda ayblamoqda.
Kirill Dmitriyevning aprel oyida Vashingtonga qilgan tashrifi — urush boshlanganidan beri Rossiya rasmiy vakilining AQSHga birinchi yuqori darajadagi tashrifi hisoblanadi.
Uitkoff — Rossiyaga uch marta borgan shaxs
Ma’lumotlarga ko‘ra, Stiv Uitkoff so‘nggi ikki oy ichida Rossiyaga uch marta tashrif buyurgan. 11 aprel kuni esa u Sankt-Peterburgda Vladimir Putin bilan bevosita uchrashgan.
Siz nima deb o‘ylaysiz — Tramp Kreml shartlariga ko‘nsa, bu AQSH tashqi siyosatini o‘zgartirishi mumkinmi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!