
Kursk va Sumi oblastlari chegarasidagi janglar asta-sekin tin olmoqda. Katta ehtimol bilan, ikki armiya ham allaqachon qishda Sudja uchun janglarda qatnashgan bo‘linmalarini boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazish bilan mashg‘ul. Donbass markaziy qismida Rossiya kuchlari qayta guruhlanish jarayonini yakunlagan va bahor-yoz kampaniyasidagi ilk yirik yurishini boshlagan. RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlari mudofaasini Toresk shahri shimolida yorib o‘tgan va bir zarba bilan Konstantinovkaga qadar masofaning yarmini bosib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, Donbass shimolidagi Slovyansk-Kramatorsk aglomeratsiyasini janubdagi hujumlardan to‘sib turgan ushbu shahar Rossiya yurishining asosiy maqsadlaridan biri bo‘ladi.
Kursk oblasti chegarasi
Rossiya qo‘shini bir necha hafta davom etgan janglardan keyin Sudja janubidagi Guyevo qishlog‘ini Ukraina qurolli kuchlaridan qaytarib oldi. Endi ular chegaragacha Psel daryosi bo‘ylab besh kilometr masofani bosib o‘tishi qolgan. Lekin buni uddalash oson emas: Sudja harbidagi hududlardan farqli o‘laroq (Ukraina qurolli kuchlari bu yerda asosiy taʼminot liniyasi — Sudja — Sumi yo‘lidan foydalana olmay qolgan) — Guyevo atrofida ukrainlar barqaror logistika tizimiga ega. RF qurolli kuchlariga hudud bo‘ylab harakatlanish murakkabligi — Psel bo‘yidagi botqoqliklar va o‘rmonzorlar ham xalal beradi. Ukraina harbiylarining bu yo‘nalishdagi keyingi pozitsiyasi Guyevodan uch kilometr masofadagi Gornalsk monastirda joylashgan.
Guyevodan g‘arbda RF qurolli kuchlari Ukraina chegarasiga, “Sudja” nazorat-o‘tkazish punktiga yetib borgan, ammo hozircha bu uchastkada Sumi oblasti hududiga kirishga urinmayapti.
Rossiyaliklarning Sumi oblastidagi plasdarmi yana-da g‘arbroqda tashkil etilgan. RF qurolli kuchlari Basovka qishlog‘ini o‘z nazoratiga olgan. Ammo rossiyaliklar hozircha Ukraina qurolli kuchlarining Sudja — Sumi yo‘li bo‘yidagi Yunakovka qishlog‘ida joylashgan yirik logistik markaziga yetib bora olmaydi.
Rossiyaning boshqa bir guruhi Guyevodan 20 kilometr sharqda, Belgorod oblasti hududiga mart oyida chegara orqali kirib kelgan ukrain kuchlarini surib tashlashga urinmoqda. So‘nggi haftalar davomida RF qurolli kuchlari Demidovka qishlog‘ining katta qismini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan.
Chegara hududlarda hozirda davom etayotgan janglarda ikki tomondan ham mart oyi boshida Sudja atrofidagi hal qiluvchi janglarda qatnashgan bo‘linmalardan faqat bir nechtasi qolgan. Rossiya tomonda — Kursk oblastida 2024 yil avgustidan buyon bo‘lgan havo-desant kuchlari va dengiz piyodalari qo‘shilmalari tarkibidan alohida bo‘linmalar. Xususan, Basovkaga yurishda 76-desant-shturm diviziyasining uchta desant-shturm polklaridan faqat bittasi qatnashmoqda. Ukraina qurolli kuchlari esa Sudja tashlab chiqilganidan keyin jang maydonidan brigadalar to‘liq holda olingan; ular ayni vaqtda qayerdaligi nomaʼlum. Katta ehtimol bilan, RF qurolli kuchlari va Ukraina qurolli kuchlaridagi bo‘linmalarning asosiy qismi zaxiraga o‘tkazilgan va keyinroq boshqa yo‘nalishlarda janglarga tashlanadi.
Odatda bunday qayta guruhlanish bir necha hafta yoki bo‘linmalar oldingi janglarda katta yo‘qotishlarga uchragan taqdirda bir necha oy vaqt olishi mumkin. Xususan, Ukrainaning Vuhledarni himoya qilgan va 2024 yil oktyabrida ushbu shahar atrofida hosil qilingan qurshovni yorib o‘tgan 72-mexanizatsiyalashgan brigadasi Xerson oblastida tiklanish uchun uch oy vaqt o‘tkazdi va fevral oyiga kelib Pokrovsk janubida front chizig‘iga qaytdi. Ukrainaning Sudja shimolidagi hududlardan qaytib chiqqan (ko‘p hollarda piyoda holda) brigadalari Vuhledar uchun janglarda holdan toygan 72-brigadadan yaxshiroq holatda ekani dargumon.
Rossiyaning Kursk oblastidagi janglardan bo‘shagan bo‘linmalari aynan qayerga olib o‘tilgani nomaʼlum.
Pokrovsk va Velika Novosilka
Rossiya qo‘shini janub va sharqdan Dnipropetrovsk oblastidagi Novopavlovkaga hamda Mokriye Yali va Volchya daryolari tutashgan joydagi Komar qishlog‘iga yurishni davom ettirmoqda. Bu keng ko‘lamli amaliyotda muvaffaqiyatga erishilgan taqdirda, Ukraina qurolli kuchlarining Pokrovsk va Kuraxovo oralig‘idagi mudofaasi qulashi, bu esa Pokrovsk mudofaasini tubdan murakkablashtirishi mumkin.
Bu yurishning janubiy qanotida (qishda egallab olingan Velika Novosilka rayon markazi) RF qurolli kuchlari Shevchenko qishlog‘i chekkalariga chiqqan. U yerda Ukrainadagi eng yirik litiy konlari zaxiralari (hali o‘zlashtirilmagan) mavjud.
Toresk va Konstantinovka
Qo‘shinlarni qayta guruhlash yakunlangach, RF qurolli kuchlari Ukraina kuchlarini Toreskning katta qismidan, jumladan, fevral oyidagi qarshi hujum davomida egallab olingan shahar markazidan ham siqib chiqardi, shu bilan birga, Ukraina qurolli kuchlarining Toresk va Konstantinovka shaharlari orasidagi mudofaa chizig‘iga chuqur yorib kirildi.
Toreskdan shimoli-g‘arbda Rossiya qo‘shini kolonnasi Konstantinovkaga ketishda joylashgan Pleshchiyevkaga yetib borgan. RF qurolli kuchlari bu marrada qanchalik mustahkam o‘rnashib olgani nomaʼlum. Ammo rossiyalik harbiylarni undan ham g‘arbroqda ko‘rishgan — ular Toresk aglomeratsiyasi g‘arbidagi Shcherbinovka va Leonidovka posyolkalariga sharqdan yaqinlashmoqda. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari (aniqrog‘i, Ukraina IIV brigadasi)ning bu uchastkadagi mudofaasi buzilgan. Katta ehtimol bilan, ukrain kuchlari allaqachon shaharning shimoliy chekkalarini ham, shahar janubi-g‘arbidagi Zabalka hududini ham tark etgan.
Shu bilan birga, Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Toresk aglomeratsiyasidagi qoldiqlarini o‘rab olishga harakat qilmoqda. RF qurolli kuchlari ikki yo‘nalishda — Aleksandropol va Kalinovo orqali Konstantinovka tomon umumiy yo‘nalishda hujum qilmoqda.
Agar Ukraina qurolli kuchlari Toresk yo‘nalishida mudofaani mustahkamlamasa, bir necha haftadan keyin RF qurolli kuchlari Konstantinovkaning janubiy chekkalariga yetib kelishi mumkin, bu esa Chasiv Yardan Pokrovskkacha bo‘lgan butun frontdagi Ukraina kuchlarining ahvolini keskin yomonlashtiradi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar