
Rossiyaning Vladimir viloyatiga qarashli Kirjach tumanida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, portlashga sabab bo‘lgan hodisa Bosh raketa va artilleriya boshqarmasiga (GRAU) tegishli 51-arsenalda (11785-harbiy qism) yuz bergan. Qayd etilishicha, aynan ushbu harbiy obyektda avval ham shunga o‘xshash baxtsiz hodisa kuzatilgan: 2022 yil yozida sodir bo‘lgan portlash natijasida 4 kishi qurbon bo‘lgan edi.
Mahalliy aholining ta’kidlashicha, portlashdan so‘ng obyekt atrofida kuchli gumburlash ovozlari eshitilgan va o‘q-dori parchalari taxminan 5 kilometr radiusga tarqalib ketgan.
Hozirda mahalliy ma’muriyat Moskva tomonidan Kirjach shahriga kiradigan yo‘llarni to‘liq yopib qo‘ygan. Shuningdek, Barsovo hamda Mirniy qishloqlarida yashovchi aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish ishlari boshlangan.
Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyev ham voqea haqida ma’lumot berib, portlash sodir bo‘lganini tasdiqlagan. Biroq u portlagan obyekt aynan o‘q-dori ombori ekani haqida hozircha aniq ma’lumot bermadi.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Zvezdniy, Dubki, Pershino, shuningdek, Xrapki, Gribanovo va Meleji qishloqlaridan aholini evakuatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Evakuatsiya qilingan fuqarolar Kirjach shahridagi umumta’lim maktablariga vaqtinchalik joylashtirilmoqda.
Keyinroq Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi portlash sababi sifatida xavfsizlik qoidalariga rioya etilmaganini ma’lum qildi.
Hozirda hodisa oqibatlarini bartaraf qilish ishlari olib borilmoqda. Voqea bilan bog‘liq tekshiruv va tergov ishlari boshlangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar