date
views 42

Amerikada sudya noqonuniy migrantga yordam berganlikda ayblandi: jamoatchilik esa uni qo‘llab-quvvatlamoqda

Amerikada sudya noqonuniy migrantga yordam berganlikda ayblandi: jamoatchilik esa uni qo‘llab-quvvatlamoqda
AQSHning Viskonsin shtatining Miluoki okrugida federal hukumat sudya Xanna Duganga jiddiy ayblovlarni qo‘ydi. Federal tergovchilar sudyani odil sudlov jarayoniga to‘sqinlik qilish va noqonuniy migrantni hibsdan qochirishga yordam berganlikda ayblamoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Miluoki okrug sudyasi Xanna Dugan uydagi zo‘ravonlikda ayblangan Meksika fuqarosi, noqonuniy migrant Eduardo Flores-Ruisning sud binosidan chiqib ketishiga yo‘l ko‘rsatgan. Prokuratura ta’kidlashi bo‘yicha, sudya migrantni sud binosining yo‘lagida kutib turgan immigratsiya xizmati xodimlari tomonidan ushlanishidan himoya qilmoqchi bo‘lgan. Ayblovda immigratsiya xodimlari sud orderisiz hibsni amalga oshirishga uringanligi qayd etilmoqda.

Biroq, sudyaning urinishlariga qaramasdan, Eduardo Flores-Ruis huquq-tartibot xodimlaridan qochib qutula olmagan. Immigratsiya xizmati agentlari uni sud binosidan tashqarida ta’qib qilib, oxir-oqibat ko‘chada qo‘lga olgan. Ushbu voqea 18 aprel kuni yuz bergan.

Ayblanuvchi sudya Xanna Duganning qo‘lga olinishi haqida xabar 25 aprel kuni jamoatchilikka ma’lum qilindi. AQSH bosh prokurori Pem Bondi bu voqeaga munosabat bildirib, "Hech kim qonundan ustun emas", – deb o‘z fikrini ijtimoiy tarmoqda yozib qoldirdi.

Sud jarayoni davomida Duganga rasman ayblov qo‘yilib, keyinchalik uni garov evaziga qo‘yib yuborishgani ham ma’lum qilindi. Sud majlisi paytida ko‘plab namoyishchilar sud binosi tashqarisida yig‘ilib, Duganni zudlik bilan ozod qilishni talab qilishdi, deb xabar bermoqda Reuters agentligi.

Ushbu voqea AQSH jamoatchiligi orasida katta norozilik va bahslarga sabab bo‘ldi. Bir qator Amerika mintaqalari rahbarlari va jamoat arboblari Xanna Duganni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashdi. Sudyaning harakatlarini to‘g‘ri deb hisoblovchi inson huquqlari faollari ham uning himoyasiga chiqib, Duganning insonparvarlik maqsadida harakat qilganini ta’kidlamoqda.

Bu holat mamlakatdagi migratsiya siyosati va uning ijrosi bo‘yicha keskin muhokamalarni yanada avj oldirdi. Ayniqsa, AQSHdagi sud organlari va huquq-tartibot idoralarining ish uslubi hamda ularning inson huquqlariga munosabati masalasi yana bir bor diqqat markaziga chiqdi.

Milliy va xalqaro huquqni muhofaza qilish tashkilotlari bu ishni diqqat bilan kuzatib, sudyaga qarshi ochilgan ishning natijalari mamlakatdagi boshqa shunga o‘xshash holatlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini qayd etishmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerikada sudya noqonuniy migrantga yordam berganlikda ayblandi: jamoatchilik esa uni qo‘llab-quvvatlamoqda