date
views 95

Xitoy yadro energetikasi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi: yangi rekordlar va istiqbolli rejalar

Xitoy yadro energetikasi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi: yangi rekordlar va istiqbolli rejalar
Xitoy atom elektr stansiyalari (AES) quvvati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqib oldi. Bu haqda Xitoy atom energetika assotsiatsiyasining (CNEA) «Xitoy—2025: yadroviy energetikani rivojlantirish to‘g‘risidagi hisobot»ida ma’lum qilingan.

Hisobotda keltirilishicha, hozirgi paytda Xitoyda jami quvvati 113 million kilovattga teng bo‘lgan 102 ta atom energiya blokidan foydalanilmoqda, qurilish bosqichida turibdi yoki qurilishi uchun ruxsat olingan. Bu ko‘rsatkich mamlakatni dunyodagi eng qudratli yadro energetikasiga ega davlat maqomiga ko‘tardi.

2024 yilda Xitoyning atom energetikasi sohasidagi elektr ishlab chiqarish hajmi 444,7 milliard kilovatt-soatga yetgan. Shu tariqa, mamlakat ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, atom energiyasi mamlakatning umumiy elektr ishlab chiqarishi hajmining 4,72 foizini tashkil etgan.

Shuningdek, hisobotda Xitoy hozirgi vaqtda umumiy o‘rnatilgan quvvati 33,65 million kilovattni tashkil etadigan 28 ta yangi atom energiya blokini qurish ishlarini jadal davom ettirayotgani qayd qilingan. Mamlakat bu ko‘rsatkich bo‘yicha ketma-ket 18 yildan beri dunyo yetakchisi bo‘lib kelmoqda.

2023 yil iyun oyida Xitoyda yana bir muhim voqea kuzatildi — mamlakat tarixida ilk bor toriy reaktori ishga tushirildi. Xitoy Yadro xavfsizligi davlat boshqarmasi ilk 2 megavatt quvvatli toriy reaktorini foydalanish uchun ruxsat berganini South China Morning Post xabar qilgan edi.

Mutaxassislarning fikricha, toriy resurslari Xitoyda juda katta hajmda mavjud va ayrim baholashlarga ko‘ra, ushbu zaxira mamlakatning energetik ehtiyojlarini 20 ming yildan ortiq muddatgacha ta’minlashga yetadi.

Xitoy atom energetikasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratishda davom etmoqda. Bu sohadagi yangi yutuqlar esa mamlakatning kelgusida ham xalqaro energetika bozorida yetakchilik qilishiga zamin yaratmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy yadro energetikasi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi: yangi rekordlar va istiqbolli rejalar