date
views 197

KXDR o‘z harbiylari Ukrainadagi urushda qatnashganini rasman tasdiqladi

KXDR o‘z harbiylari Ukrainadagi urushda qatnashganini rasman tasdiqladi
Shimoliy Koreya hukumati ilk bor o‘z qurolli kuchlari Rossiya tomonida Ukraina bilan bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlarda qatnashganini rasman e’lon qildi. Bu haqda Yonhap axborot agentligi Shimoliy Koreyaning KCNA markaziy axborot agentligiga asoslanib xabar tarqatmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, KXDR harbiylari mamlakat rahbari Kim Chen Inning to‘g‘ridan to‘g‘ri buyrug‘i asosida, Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlik shartnomasi doirasida Rossiyaga yuborilgan.

«Ukraina hukumati tomonidan Rossiyaga qarshi amalga oshirilgan tajovuzni qaytarish maqsadida Kursk viloyatini ozod qilish bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyalar muvaffaqiyatli yakunlandi», — deyiladi KCNA axborotida.

Shuningdek, Shimoliy Koreya axborot agentligining ta’kidlashicha, ushbu harbiy amaliyotlarda KXDR qurolli kuchlari bo‘linmalari bevosita ishtirok etgan va bu «davlat rahbari Kim Chen Inning shaxsiy buyrug‘i asosida» amalga oshirilgan.

Shanba kuni Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putinga Kursk viloyatidagi vaziyat bo‘yicha hisobot berib, Shimoliy Koreya harbiylarining mintaqani ozod qilishda ko‘rsatgan yordamlarini alohida qayd etgan.

Gerasimovning bu bayonoti KXDR harbiy kuchlarining Rossiyadagi qurolli to‘qnashuvlarda qatnashganini tasdiqlovchi birinchi rasmiy xabar bo‘ldi.

Avvalroq G‘arb davlatlari va xalqaro matbuotda Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyadagi amaliyotlarda ishtirok etayotgani haqida taxminlar paydo bo‘lgan edi, ammo bugungi kunga qadar Pxenyan tomonidan bunday xabarlar rasman tasdiqlanmagan edi.

Ekspertlarning fikricha, Shimoliy Koreya qurolli kuchlarining Rossiya tomonida qatnashishi ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat tomonidan bu holat keskin noroziliklarga sabab bo‘lishi ehtimoli ham yuqori.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » KXDR o‘z harbiylari Ukrainadagi urushda qatnashganini rasman tasdiqladi