date
views 198

Hindiston armiyasining Pokistonga bostirib kirishi muqarrar — mudofaa vaziri keskin bayonot berdi

Hindiston armiyasining Pokistonga bostirib kirishi muqarrar — mudofaa vaziri keskin bayonot berdi
Pokiston mudofaa vaziri Havoja Asif Reuters agentligiga bergan intervyusida Hindiston qo‘shinlarining Pokiston hududiga bostirib kirishi endi aniq va muqarrar ekanini ma’lum qildi.

«Biz o‘z harbiy kuchlarimizni yanada mustahkamlab oldik, chunki Hindiston hujumi aniq va endi uning oldini olish imkonsiz bo‘lib qoldi. Bunday sharoitda strategik xarakterdagi muhim qarorlarni qabul qilish zarur bo‘ladi. Bu qarorlar esa allaqachon qabul qilingan», — dedi vazir o‘z intervyusida.

Havoja Asifning ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda Hindiston tomonidan Pokistonga nisbatan juda keskin va xavotirli bayonotlar yangramoqda. Pokiston armiyasi esa mamlakat hukumatini Hindiston tomonidan kutilgan hujum haqida xabardor qilgan. Shuningdek, vazir Pokiston hukumati Xitoy, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, AQSH va Buyuk Britaniya kabi yirik davlatlar bilan doimiy aloqada ekanligini bildirgan.

Biroq mudofaa vaziri Hindiston tomonidan bostirib kirish nima uchun muqarrar bo‘lib qolgani haqida aniq sabablarni ochiqlamagan. Shuningdek, bu ehtimoliy hujumning ko‘lami to‘liq miqyosda yoki cheklangan shaklda bo‘lishi mumkinligi borasida ham aniqlik kiritmagan.

Ayni paytda Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy keskinlashgan. Bunga 22 aprel kuni Hindistonning Jammu va Kashmir shtatida joylashgan Paxalgam shahrida yuz bergan mudhish terakt sabab bo‘ldi. Turistlar ko‘p tashrif buyuradigan hududda qurollangan terrorchilar 26 kishini o‘ldirgan. Mazkur terrorchilik hujumi uchun Pokiston nazoratidagi Kashmir hududida faoliyat ko‘rsatadigan terrorchi guruh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

Hindiston hukumati mazkur hujum uchun qisman Pokistonni ham aybdor deb hisoblamoqda. Bu voqealardan so‘ng Hindiston hukumati Pokiston bilan chegarani to‘liq yopib, Pokiston fuqarolaridan mamlakatni tark etishni talab qildi.

Har ikki mamlakat ham yadroviy qurolga ega bo‘lgan davlatlar hisoblanadi. Pokiston mudofaa vaziri esa yadroviy qurol faqatgina «davlatimiz mavjudligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid paydo bo‘lganda» ishlatilishini ta’kidlagan.

Hindiston va Pokiston munosabatlarining keskinlashuvi mintaqaviy va global xavfsizlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi xalqaro hamjamiyat tomonidan xavotir bilan kuzatilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindiston armiyasining Pokistonga bostirib kirishi muqarrar — mudofaa vaziri keskin bayonot berdi