date
views 41

Yevropa sudi Maltaning «oltin pasportlar» dasturini noqonuniy deb topdi

Yevropa sudi Maltaning «oltin pasportlar» dasturini noqonuniy deb topdi
Yevropa Ittifoqining eng yuqori sudi Malta tomonidan amalga oshirilayotgan va pul yoki investitsiya evaziga fuqarolik beruvchi «oltin pasportlar» dasturini noqonuniy deb e’lon qildi. Sudning ta’kidlashicha, bu tartib Yevroittifoq qonunchiligiga zid hisoblanadi, deya xabar berdi Financial Times.

YEI sudi o‘z qarorini quyidagicha izohladi: «Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan biror davlat pul yoki muayyan investitsiya evaziga o‘z fuqaroligini, ya’ni Yevropa Ittifoqi fuqaroligini sotish huquqiga ega emas. Chunki bu amaliyot fuqarolik berishni oddiy tijoriy bitimga aylantirib yuboradi».

Hujjatda keltirilishicha, ushbu dastur orqali Malta Yevropa Ittifoqi shartnomasida ko‘rsatilgan o‘z zimmasidagi majburiyatlarni qo‘pol ravishda buzmoqda.

Financial Times nashrining yozishicha, endilikda Malta hukumati bu dasturni bekor qilishga majbur bo‘ladi, aks holda mamlakat jiddiy jarimalarga to‘qnash kelishi mumkin. Ayni paytda Malta hukumati mazkur qarorning huquqiy jihatlarini o‘rganib chiqmoqda va o‘z fuqarolik tizimini sudning qarorlariga mos ravishda o‘zgartirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq, 2023 yilning boshida Yevropa komissiyasi Maltaning «oltin pasport» dasturi tufayli Yevropa Ittifoqi oliy sudiga murojaat qilgan edi. Yevrokomissiyaning fikricha, Malta bergan fuqarolik Yevropa Ittifoqi uchun umumiy xavf va salbiy oqibatlarni yuzaga keltirishi mumkin. Chunki bu fuqarolikni olgan shaxslar Yevropa Ittifoqining har qanday mamlakatida erkin yashash, ishlash va hatto Yevropa saylovlarida ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi.

Mazkur dasturga nisbatan xavotirlar so‘nggi paytlarda yanada kuchaydi. Ayniqsa, Ukrainadagi urush sabab G‘arb davlatlari sanksiyalariga tushgan ayrim rossiyalik boy tadbirkorlarning ayni shu «oltin pasportlar» orqali Yevropa Ittifoqi hududiga kirish huquqiga ega bo‘lib qolganligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ular orasida rossiyalik mashhur biznesmenlar – Albert Avdolyan, AQSH tomonidan «Rossiya davlat idoralari bilan aloqador shaxslarga uskunalarni eksport qilishda ko‘maklashganlikda» ayblangan Yevgeniya Bernova, shuningdek, millioner Pavel Melnikov kabilar ham mavjud.

Endi Yevropa sudining ushbu qarori «oltin pasport» dasturlariga ega boshqa mamlakatlarga ham jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Chunki bu dastur turli siyosiy va iqtisodiy bahslarni yuzaga keltirgan eng bahsli mavzulardan biri hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa sudi Maltaning «oltin pasportlar» dasturini noqonuniy deb topdi