
Vashingtonda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarda sabr kosasi to‘layotgan ko‘rinadi. AQSH Davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Bryus 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday bayonot bilan chiqdi.
«Hozir shunday vaziyatga keldikki, har ikki tomon ham ziddiyatni to‘xtatish bo‘yicha aniq va samimiy takliflarni taqdim etishi shart. Bundan keyin nima bo‘lishi haqida qarorni prezident Tramp qabul qiladi. Agar muzokaralarda aniq siljish kuzatilmasa, biz bu jarayondagi vositachilik rolimizdan voz kechamiz», — dedi Bryus o‘z nutqida.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may — G‘alaba kuni munosabati bilan 8 maydan boshlab uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan, lekin Moskva AQSH va Ukraina taklif qilgan 30 kunlik sulh variantini qat’iy rad etgan edi.
Davlat departamenti vakili Bryusning ta’kidlashicha, Vashington uch kunlik emas, balki to‘liq va doimiy sulhni talab qilmoqda.
Shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp va davlat kotibi Marko Rubio ham muzokaralar tezda natija bermasa, Amerika tomoni bu jarayondan chiqib ketishi haqida gapirgan edi. Jumladan, Tramp 24 aprel kuni The Atlantic nashriga bergan intervyusida, «Kelasi haftada nimalar sodir bo‘lishini kuzatamiz, biz chegaraga yaqinlashdik», — deb vaziyatga jiddiy yondashuvini bildirgan.
Davlat kotibi Marko Rubio ham 27 aprel kuni NBC News telekanaliga bergan intervyusida, Rossiya va Ukraina sulh masalasida yetarlicha iroda ko‘rsatmayotganidan afsus bildirib, «Kelgusi hafta hal qiluvchi bo‘ladi. Biz tinchlik jarayonidagi ishtirokimizni davom ettiramizmi yoki e’tiborimizni boshqa masalalarga qaratish vaqti keldimi — buni tezda aniqlab olishimiz shart», — degan edi.
Tahlilchilarning fikricha, Vashington ushbu mojaroda ko‘proq Kreml manfaatlarini ko‘zda tutgan tinchlik shartlarini taklif qilmoqda. AQSH Qrimni de-yure, shuningdek, rus qo‘shinlari 2022 yildan beri egallab turgan Ukrainaning to‘rtta viloyatini de-fakto Rossiyaga qarashli deb tan olishga tayyor. Bundan tashqari, Ukraina NATO a’zosi bo‘lmasligi bo‘yicha Moskva talabi ham qabul qilingan.
Biroq shunga qaramay, Kreml Ukraina qurolli kuchlarini butunlay kuchsizlantirish sharti bilan sulhga kelishni istamay turibdi. Ayniqsa, saylovoldi kampaniyasi davrida 24 soat ichida Ukrainadagi urushni to‘xtatishga va’da bergan Donald Trampga Putinning sulhni paysalga solayotgani aslo ma’qul kelmayapti.
Shu bilan birga, Tramp Ukrainaning Qrim va yana to‘rtta hududni qaytarish borasidagi talablarini ham «bema’ni» deb hisoblab, ularni qo‘llab-quvvatlamayapti.
DW radiosi Financial Times nashriga tayanib yozishicha, so‘nggi ikki oy davomida Kreml vakillari hamda Putinning o‘zi bilan bir necha marta muloqot qilgan AQSH mulozimlari muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolganiga amin bo‘lgan.
Manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Ukraina masalasida juda katta va saxovatli takliflar bilan chiqqaniga qaramay, butun Ukrainani bosib olish rejasidan qaytmagan Putinni sulhga ko‘ndira olmayotganidan tushkunlikka tushgan. Bu esa AQSHning muzokaralardan chiqib ketishi ehtimolini yanada oshirmoqda.
O'zbekiston yangiliklari Vashingtonda MuzokaralarAQSH DavlatRossiya UkrainaTinchlik JarayoniDonald TrampMuzokaralar Natija Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar