date
views 103

O‘zbekistonda turagentlik litsenziyasi bekor qilinib, xabarnoma yuborish tartibi joriy etiladi

O‘zbekistonda turagentlik litsenziyasi bekor qilinib, xabarnoma yuborish tartibi joriy etiladi
O‘zbekistonda turagentlik faoliyatini olib borish uchun avval talab qilinadigan litsenziyalash tartibi endi bekor qilinib, buning o‘rniga xabarnoma yuborish tizimi joriy etiladi. Ushbu yangilik Qonunchilik palatasining 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida muhokama qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan.

Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda ma’qullanib, Senat muhokamasiga yuborildi. Loyihada litsenziya, ruxsat berish va xabarnoma talab qilinadigan tadbirkorlik turlaridan 12 tasini bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish bilan bog‘liq hujjatlarni topshirish uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda.

Davlat xizmatlari agentligining xabar berishicha, endi uchta faoliyat turi, jumladan, turagentlik xizmatlari ham litsenziyalash tizimidan xabarnoma shakliga o‘tkaziladi. Ya’ni, tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini boshlashi yoki tugatishi haqidagi ma’lumotni maxsus xabarnoma orqali tegishli organlarga yuborishi kifoya qiladi.

Deputatlar ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda litsenziyalash va ruxsat berish tizimini yanada soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoit yaratish, bozorda teng raqobat muhitini shakllantirish hamda biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar sayyohlik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratib, sohaning yanada rivojlanishiga, yangi ish o‘rinlari ochilishiga hamda O‘zbekistonga xorijlik sayyohlar oqimining oshishiga yordam beradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » O‘zbekistonda turagentlik litsenziyasi bekor qilinib, xabarnoma yuborish tartibi joriy etiladi