date
views 163

Zelenskiy ogohlantirmoqda: Rossiya yozda Belarusda “nimanidir tayyorlamoqda”

Zelenskiy ogohlantirmoqda: Rossiya yozda Belarusda “nimanidir tayyorlamoqda”
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Belarusda rejalashtirgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari ostida, aslida, qandaydir jiddiy tayyorgarliklar ketyapti, deb hisoblamoqda. Bu haqda u onlayn tarzda Varshava shahrida o‘tkazilgan «Uch dengiz tashabbusi» xalqaro sammitida bildirdi.

«Hozirgi vaqtda Rossiya Belarusda harbiy mashqlar bahonasi bilan aniq maqsad va rejasini oshkor qilmay nimanidir tayyorlamoqda. Odatda, Rossiya tomonidan yangi hujumlar aynan mana shunday usul bilan boshlanadi. Hujum qaysi davlatga qaratilishi mumkin? Ukrainami? Litvami? Yoki Polsha? Xudo saqlasin! Nima bo‘lganda ham, barchamiz har qanday holatga tayyor turishimiz lozim», – deya Zelenskiy o‘z xavotirini bildirgan.

Shuningdek, Zelenskiy G‘arb mamlakatlari rahbarlarini Kreml rahbari Vladimir Putinga bosimni kuchaytirishga chaqirdi. Uning fikricha, Rossiya Ukrainaning hududiy yaxlitligiga zarar yetkazmagan holda va Putin uchun hech qanday imtiyoz yoki mukofotlar berilmagan holda bu urush yakunlanishi shart.

«Bu urushning natijasi Ukraina uchun adolatli bo‘lishi, bizning davlatimiz o‘z hududining biror qarich yeridan ham ayrilmasligi kerak», – dedi Zelenskiy.

Ma’lumot uchun, «Uch dengiz tashabbusi» xalqaro forumi Boltiqbo‘yi, Qora va Adriatik dengizlari atrofidagi Yevropa Ittifoqining 12 davlatini birlashtiradi. Sammit yakunida ishtirokchi davlat rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini keskin qoralab, qo‘shma bayonot qabul qildi. Shuningdek, Ukraina va Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini tezlashtirish bo‘yicha ham murojaat yo‘llandi.

Avvalroq Moskva va Minsk shu yil sentyabr oyida Belarus hududida katta ko‘lamdagi qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini ma’lum qilgan edi. Turli manbalarga ko‘ra, ushbu mashg‘ulotlarga jalb qilingan harbiy xizmatchilar soni 100 ming nafarga yetishi mumkin.

Rossiya va Belarusning mazkur harakatlariga javoban, Polsha ham NATO bilan birgalikda o‘z hududida keng qamrovli harbiy mashqlarni o‘tkazish rejasini e’lon qildi. Germaniyaning Gamburg shahrida esa kuzda Rossiya tomonidan NATO davlatlariga ehtimoliy hujum ssenariysini taqlid qiluvchi katta harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida Rossiya rasmiylari NATO mamlakatlarining o‘z chegaralari yaqinida harbiy mashg‘ulotlarni tez-tez o‘tkazayotganidan bezovta ekanini bildirib kelmoqda. Xususan, Rossiya Xavfsizlik Kengashining sobiq rahbari Nikolay Patrushev NATO davlatlari Kaliningrad viloyatini egallash va Rossiyaning yadro qurollariga profilaktik zarba berish bo‘yicha ssenariylarni ishlab chiqayotganini ta’kidlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy ogohlantirmoqda: Rossiya yozda Belarusda “nimanidir tayyorlamoqda”