date
views 91

AQSH va Ukraina o‘rtasida tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzolandi

AQSH va Ukraina o‘rtasida tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzolandi
«Prezident Trampning mustahkam tinchlikni ta’minlash bo‘yicha tinimsiz sa’y-harakatlari tufayli men Qo‘shma Shtatlar va Ukraina o‘rtasida qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha tarixiy iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni e’lon qilishdan mamnunman», dedi AQSH moliya vaziri Skott Bessent.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmixalning aytishicha, fond 50/50 asosida tashkil etilmoqda va «har ikki tomon teng ovoz berish huquqiga ega». Ukraina «yerosti boyliklari, infratuzilma va tabiiy resurslar ustidan to‘liq nazoratni» o‘zida saqlab qoladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Ukraina tomonidan hech qanday qarz majburiyatlarini nazarda tutmaydi. Bundan tashqari, kelishuv Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi uchun to‘siq bo‘lmaydi.

Bloomberg ta’kidlaganidek, kelishuv AQSHga Ukrainaning tabiiy resurslarini, jumladan alyuminiy, grafit, neft va tabiiy gazni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalariga imtiyozli kirish imkonini beradi.

Avvalroq Bloomberg News kelishuv loyihasini ko‘rib chiqqan edi. Unda aytilishicha, AQSH va Ukraina «Ukrainaning tog‘-kon sanoati, energetika va unga aloqador tarmoqlariga sarmoyalarni ko‘paytirish» uchun sharoit yaratishga intiladi. Buning uchun qo‘shma investitsiya fondi tuziladi. Tomonlar uning faoliyati natijasida olingan daromadlarni bo‘lishadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH va Ukraina o‘rtasida tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzolandi