date
views 669

Isroilda yirik o‘rmon yong‘inlari: Mamlakat xalqaro yordam so‘ramoqda

Isroilda yirik o‘rmon yong‘inlari: Mamlakat xalqaro yordam so‘ramoqda
Isroilda mamlakat tarixidagi eng muhim sana — Mustaqillik kuniga bag‘ishlangan barcha ommaviy tadbirlar keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari sabab bekor qilindi. Bu haqda 30 aprel, chorshanba kuni mamlakatning Yong‘in va qutqaruv xizmati rasmiy tarzda ma’lum qildi. Qayd etilishicha, tadbirlarni o‘tkazish uchun xavfsizlik talablari ta’minlanishi imkoniyatdan tashqari vaziyatga aylangan.

Hozirda Isroil xalqaro hamjamiyatdan favqulodda yordam so‘rab murojaat qildi. Mamlakatga Gretsiya, Italiya hamda Xorvatiyadan o‘t o‘chiruvchi samolyotlar va qutqaruvchilar guruhlari allaqachon jo‘nab ketgan. Shuningdek, Falastin milliy ma’muriyati ham Isroilga o‘zi tomonidan ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan har qanday yordamni taklif qilgan.

The Times of Israel nashrining yozishicha, mamlakat bo‘ylab yoyilgan kuchli yong‘inni bartaraf qilish ishlariga 12 ta o‘t o‘chiruvchi samolyot, 100 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi brigada va harbiy xizmatchilar safarbar etilgan. Ayni paytda bir nechta aholi punktlaridan aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish jarayoni boshlangan, shuningdek, yana qator shaharlar va qishloqlar ehtimoliy evakuatsiyaga tayyor turibdi. Mamlakatning yirik magistral yo‘li vaqtinchalik to‘liq yopib qo‘yilgan.

Keng ko‘lamli yong‘in 30 aprel kuni tongda Quddus yaqinidagi Mesilat Sion aholi punktiga yaqin joylashgan Eshtaol o‘rmonidan boshlangan. Uning tez tarqalishi va kuchayishi oqibatida mamlakatning Yong‘in va qutqaruv xizmati «Yong‘in zarbasi» favqulodda holat rejimini joriy qilgan. Bu rejim, odatda, vaziyatni nazoratdan chiqib ketish xavfi yuzaga kelganda amalga oshiriladi.

Politsiya va tegishli xizmatlar yong‘in maxsus ravishda qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini ham ehtimoldan xoli qilgani yo‘q. Ayni paytda, yong‘in qo‘yganlikda gumon qilinayotgan bir shaxs allaqachon hibsga olingan.

O‘t o‘chiruvchi va qutqaruvchilar aholiga murojaat qilib, Bayt Shemesh va Quddus shaharlari atrofidagi o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘layotgan hududlardan uzoqroqda bo‘lishni hamda favqulodda xizmatlar tomonidan beriladigan tavsiyalarga qat’iy amal qilishni so‘ramoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilda yirik o‘rmon yong‘inlari: Mamlakat xalqaro yordam so‘ramoqda