
2025 yil 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSH va Ukraina Rossiya bilan urushni tinch yo‘l bilan yakunlash borasida 22 ta aniq shart bo‘yicha kelishuvga keldi. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina va Rossiya masalalari bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Fox News telekanali orqali ma’lum qildi.
“22 ta aniq shart. Qiyin, lekin ochiq muhokamalar orqali” – Kellog
«Biz ukrainaliklar bilan ochiq va chuqur muzokaralar o‘tkazdik. Ushbu jarayonda 22 ta juda aniq shartni taklif etdik va bu bilan mustahkam pozitsiyada ekanligimizga ishonamiz», — dedi Kellog. Uning so‘zlariga ko‘ra, taklif qilingan shartlardan ba’zilari Ukraina uchun ma’qul bo‘lmagan. Lekin bu, uning ta’kidlashicha, «har qanday xalqaro muzokarada kuzatiladigan tabiiy holat».
“De-fakto rozilik bor, lekin de-yure emas”
Kellog Ukraina tomoni Rossiya bosib olgan hududlardan de-fakto voz kechishga rozi ekanligini ta’kidladi. Ya’ni, Kiyev bu hududlarni huquqiy jihatdan emas, balki amaliy vaziyatga ko‘ra vaqtincha tan olishga tayyor.
«Ukrainaliklar ruslar egallab turgan hududlarini rasman emas, amaliy jihatdan vaqtincha topshirishga ko‘ngan. Chunki ular real vaziyatdan kelib chiqib harakat qilmoqda. Ular tinchlik shartnomasi imzolanganda har ikki tomon o‘z pozitsiyalarini saqlab qolishini tushunib turibdi», — dedi AQSH vakili.
E’tibor markazida — to‘liq va keng qamrovli o‘t ochishni to‘xtatish
Kellogning so‘zlariga qaraganda, Ukraina keng qamrovli va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni maqsad qilgan. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri tinchlik kelishuviga olib keladi. AQSH prezidenti Donald Tramp ham shu maqsad sari harakat qilmoqda.
«Biz bir tomonni ko‘ndirdik. Endi ikkinchi tomon — Rossiya tomonidan javob kutilyapti. Va biz bu jarayonga juda yaqinlashdik, deb o‘ylayman», — deb qo‘shimcha qildi Kellog.
Urushni to‘xtatishda so‘z Rossiya tomonida
Bilamizki, oxirgi bir necha oydan buyon Vashington Moskva va Kiyev bilan alohida tarzda muzokaralar olib bormoqda. Ilk urinishlarda Amerika tomoni kamida 30 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishni taklif etgan. Ukraina buni ma’qullagan, lekin Rossiya amaliy ravishda rad etgandi.
Shundan so‘ng, AQSH tinchlik kelishuvini ilgari surish jarayonini boshladi. Londonda o‘tkazilgan so‘nggi muzokaralardan keyin Ukraina va Yevropa ittifoqchilari o‘z javob takliflari bilan chiqishdi.
Bu jarayonda eng katta savol: endi Putin qanday qaror qabul qiladi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar