
AQSH va Ukraina hukumatlari o‘rtasida mamlakatni qayta tiklash uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi yangi iqtisodiy shartnoma imzolandi. Bu haqda AQSH moliya vaziri Skott Bessent 1 may kuni Fox Business Network telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Amerika moliya vaziri yangi shartnomani AQSH prezidenti Donald Tramp uchun Rossiya bilan muzokaralarni yanada muvaffaqiyatli o‘tkazishga imkon yaratuvchi, to‘laqonli iqtisodiy hamkorlik sifatida baholadi.
«Bu shartnoma Rossiya rahbariyati uchun aniq signaldir. Hujjat Ukraina va Amerika xalqlari o‘rtasida hech qanday ziddiyat va kelishmovchilik yo‘qligini ko‘rsatadi. Biz ukrainaliklar farovon yashamas ekan, Amerika ham manfaat ko‘rmasligini tushunamiz. Shunday ekan, endi ikki mamlakat iqtisodiy jihatdan to‘liq birlashdi. Bu esa prezident Trampga Rossiya bilan yanada kuchli asosda muzokara olib borish imkoniyatini yaratadi», – dedi Skott Bessent o‘z intervyusida.
Shuningdek, vazir yangi bitim faqatgina noyob metallarga emas, balki infratuzilma va energetika sohalariga ham tegishli ekanini ta’kidladi. «Shu tariqa, kelishuv har ikki mamlakat uchun ham manfaatlidir va ikki tomon ham g‘alabaga erishishi mumkin», – deya so‘zlarini yakunladi amerikalik rasmiy.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Ukraina hukumatlari o‘rtasida uzoq vaqtga cho‘zilgan diplomatik muzokaralar natijasida iqtisodiy shartnoma imzolandi. 1 mayga o‘tar kechasi tuzilgan ushbu kelishuvga ko‘ra, uch yil avval Rossiya tomonidan harbiy harakatlarga uchragan Ukrainani qayta tiklash uchun maxsus investitsiya jamg‘armasi tashkil etiladi. Kelishuvga AQSH tomonidan moliya vaziri Skott Bessent, Ukraina tomonidan esa iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko imzo chekdi.
AQSHUkrainaIqtisodiy BitimRossiya MuzokaralariDonald TrampSkott Bessent O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar