date
views 729

AQSH Ukraina bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirmoqda

AQSH Ukraina bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirmoqda
Qo‘shma Shtatlar Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushga nisbatan o‘z diplomatik yondashuvini o‘zgartirmoqda. Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus bildirishicha, Vashington endi ushbu mojarada “chopib yuradigan” vositachi rolida bo‘lmaydi.

Uning ta’kidlashicha, Amerika tomoni tinchlikka olib boruvchi har qanday tashabbus va harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, biroq jarayonga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmasdan, yanada ehtiyotkor pozitsiyada harakat qiladi.

Sanksiyalar bekor qilinmaydi

Shu bilan birga, Bryus ma’lum qilishicha, Rossiyaga nisbatan joriy qilingan iqtisodiy va siyosiy sanksiyalar o‘z kuchida qoladi. Amerika bu cheklovlarni bekor qilish niyatida emas.

"Real yechimlar vaqti keldi"

Bryusning fikricha, har ikki taraf – Rossiya ham, Ukraina ham – endi mojarani tugatish uchun amaliy va hayotiy yechimlar ustida ishlab chiqishi lozim.

“Urushni faqat tashqi bosim bilan emas, balki ichki yechimlar va siyosiy iroda bilan tugatish mumkin. Har bir tomon endi real qadamlar haqida o‘ylash vaqti keldi”, – dedi u.

Rubio: “Putin ham, Ukraina ham maksimal maqsadlariga yeta olmaydi”

AQSH davlat kotibi Marko Rubio Fox News'ga bergan intervyusida Moskva va Kiyev o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar hali ham jiddiy saqlanib qolayotganini qayd etdi.

“Putin Ukraina hududining barchasini qo‘lga kiritishi mumkin emas. Ukraina esa Rossiyani 2014 yilgacha bo‘lgan chegaralarga qaytarishga qodir emas”, – dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tinchlik yo‘lidagi diplomatik sa’y-harakatlardan voz kechmayapti, ammo bu jarayonda qanday sur’at va qanday chegarada ishtirok etish masalasi kelgusida Donald Trampning siyosatiga bog‘liq bo‘ladi.

“Xitoyning o‘rni muhimroq bo‘lib bormoqda”

Rubio shuningdek, xalqaro siyosiy kun tartibidagi vaziyatga to‘xtalar ekan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizo dunyo uchun muhim bo‘lib qolayotganini qayd etdi. Ammo, uning ta’kidlashicha, Xitoy bilan bog‘liq jarayonlar — geosiyosiy muvozanat nuqtayi nazaridan uzoq muddatda yanada katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

Vashingtonning bu harakati xalqaro miqyosda qanday qabul qilinadi? AQSH o‘zini orqaga tortgan vaziyatda tinchlikka olib boruvchi yechimlar yana qaysi davlatlar orqali amalga oshirilishi mumkin?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Ukraina bo‘yicha yondashuvini o‘zgartirmoqda