
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 4 may kuni Chexiyaga qilgan tashrifi chog‘ida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiya bilan har qanday vaqtda o‘t ochishni to‘xtatish mumkinligi haqida bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, bugungi vaziyatda Rossiya tomonidan harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha real qadamlar yo‘qligi sababli xalqaro bosimni kuchaytirish muhim hisoblanadi.
«Biz bugundan boshlab ham o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyati borligiga ishonamiz. Bu jarayon diplomatik muzokaralarga haqiqiy imkon berish uchun kamida bir oy, ya’ni 30 kun davom etishi kerak», — dedi Zelenskiy Chexiya prezidenti Petr Pavel bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.
Ukraina yetakchisi Rossiya 54 kundan beri AQSH tomonidan bildirilgan to‘liq sulh taklifini rad etib kelayotganini qayd etdi va buni Moskva tomonidan diplomatik yo‘lni inkor etish sifatida baholadi.
Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may – G‘alaba kuni munosabati bilan uch kunlik sulh taklif qilgan edi. Zelenskiy ushbu taklifni manipulyatsiya va soxta sulh deya baholab, bu uch kunlik tanaffusning o‘rniga uzoq muddatli, ya’ni kamida 30 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv muhimligini urg‘uladi.
«9 may kuni G‘alaba paradida tanklarni va harbiy kuchlarni ko‘z-ko‘z qilish o‘rniga, Putin o‘z yuritgan urushini qanday qilib haqiqatan ham tugatish haqida bosh qotirishi kerak. Buning uchun uch asosiy yo‘nalish zarur: Rossiyaga nisbatan xalqaro sanksiyalar yanada qat’iylashtirilishi, Ukrainaga xalqaro ko‘mak va yordam ko‘lamini oshirish, shuningdek, Yevropa davlatlari o‘rtasida mudofaa hamkorligini kuchaytirish», – deya fikrini davom ettirdi Zelenskiy.
Ukraina rahbarining aytishicha, Yevropa davlatlari Rossiya agressiyasiga qarshi birdamlikda turishi lozim. Bu birdamlik Moskvani o‘zining noto‘g‘ri yo‘lidan qaytishga majbur qiladi va Yevropa xavfsizligini yanada mustahkamlaydi.
Ma’lumot uchun, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy mojaro 2022 yilning fevralidan beri davom etmoqda va bu jarayonda minglab insonlar halok bo‘ldi, millionlab odamlar uy-joyidan mahrum bo‘lib, ko‘plab shaharlar vayron bo‘ldi. Xalqaro hamjamiyat bu urushni to‘xtatish uchun bir necha bor tashabbus ko‘targaniga qaramay, Rossiya tomonidan aniq va qat’iy qadamlar kuzatilmagan.
ZelenskiyRossiyaUkrainaDiplomatik MuzokaralarHarbiy HarakatlarXalqaro Bosim O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar