
Avstraliya, Irlandiya va AQSH olimlari o‘tkazgan keng ko‘lamli tadqiqot sog‘lom va faol qarishning samarali yo‘lini aniqladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, doimiy ravishda qora choy, rezavorlar, sitrus meva hamda olma iste’mol qilish organizmni yashartirish va keksalik bilan bog‘liq ko‘plab kasalliklarning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Tadqiqotda ishtirok etgan 24 yoshdan yuqori bo‘lgan 62 ming 743 ayol va 23 ming 687 erkakning sog‘liq ko‘rsatkichlari chuqur tahlil qilindi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, kundalik ratsionda flavonoid moddasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilish keksalikdagi jismoniy zaiflik, ruhiy tushkunlik va turli xil salbiy o‘zgarishlar xavfini sezilarli darajada pasaytiradi.
Flavonoidlar – bu o‘simliklar tarkibida mavjud bo‘lgan biologik faol moddalar bo‘lib, ular organizmni salomatlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega. Olimlarning ta’kidlashicha, bu moddalar oksidativ stressni kamaytiradi, yallig‘lanish jarayonlariga qarshi kurashadi va immunitetni kuchaytiradi. Shu bilan birga, flavonoidlar qon tomirlarining salomatligini yaxshilaydi, mushak to‘qimasini saqlaydi va organizmning qarish jarayonini sezilarli darajada kechiktiradi.
Mutaxassislar tadqiqot davomida, ayniqsa, qora choy va rezavorlarni muntazam ravishda iste’mol qiladigan insonlar keksalikda ham jismoniy faollik va yuqori hayotiy tonusni saqlab qolishini qayd etdi. Smorodina, malina, ko‘k rezavorlar va boshqa meva-cheva tarkibidagi flavonoidlarning organizmga ijobiy ta’siri ilmiy asoslangan.
Shuningdek, limon, apelsin, mandarin kabi sitrus meva hamda olma ham salomatlik uchun benihoya foydali hisoblanadi. Bu mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish nafaqat immunitetni mustahkamlaydi, balki organizmning ichki tizimlari ishini yaxshilaydi va ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
«Tadqiqotimiz flavonoidlarga boy oziq-ovqatlarni kundalik ratsionga kiritish odamlarning qarilikni salomat va yuqori sifatli hayot bilan kutib olishlariga yordam beradi», – deb ta’kidladi tadqiqotchilar.
Shunday ekan, sog‘lom va uzoq umr ko‘rishni xohlagan insonlar uchun ratsionga choy, rezavorlar va mevalarni ko‘proq qo‘shish tavsiya qilinadi. Bu mahsulotlar organizmni yoshartirib, ruhiy va jismoniy holatni ham birdek yuqori darajada saqlab qolish imkoniyatini beradi.
AvstraliyaIrlandiyaAQSHSog‘lom UmrFlavonoid ModdasiQora ChoyMevalar Rezavorlar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar