
Amerika Qo‘shma Shtatlarida qariyb 63 yil avval g‘oyib bo‘lgan va taqdiridan hech kimning xabari bo‘lmagan Odri Bakeberg sog‘-salomat holda topildi. Bu haqda Viskonsin shtati Sok okrugi sherifligi ma’lum qildi, deya yozadi The Guardian.
Qayd etilishicha, Odri Bakeberg 1962 yilning iyul oyida bedarak yo‘qolganida, endigina 20 yoshda bo‘lgan va Viskonsinning kichik shaharlaridan biri bo‘lgan Ridsbergda istiqomat qilgan. Tergovchilar ayol uyini o‘z xohishi bilan tark etganini taxmin qilishmoqda, ammo uning yo‘qolishi sabablari anchagina sirli va tushunarsiz bo‘lib qolgan.
Odrining taqdiri haqidagi tafsilotlar ham e’tiborga loyiq. Ma’lum bo‘lishicha, Odri 15 yoshida Ronald Bakeberg bilan turmush qurgan. Juftlikning ikki nafar farzandi bo‘lib, ularning munosabatlari vaqt o‘tishi bilan keskin yomonlashgan. Ayol yo‘qolishidan oldin mahalliy sudga ariza berib, eri tomonidan kaltaklangani va hayotiga tahdid qilinganini ma’lum qilgan. Biroq ariza sudda ko‘rilishiga ulgurmasdan ayol g‘oyib bo‘lgan edi.
Odri so‘nggi bor ishlagan fabrikasiga ish haqini olish uchun yo‘l olgan va yo‘lda u bilan birga bolalarining 14 yoshli enagasi ham bo‘lgan. Ular birgalikda Viskonsin shtati markazi hisoblangan Madison shahriga borishadi. Keyinroq Odri enagani ortga qaytarib, avtobusga o‘tirib Indianapolisga yo‘l oladi va o‘sha kunidan boshlab undan xabar olina olmaydi.
O‘sha paytdan boshlab tergovchilar turli xil farazlar bo‘yicha qidiruv ishlarini olib borganlar, ammo natijalar hech qanday samara bermagan va ish oxirida umuman to‘xtab qolgan edi.
Biroq 2025 yil boshida mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan eski, hal bo‘lmagan jinoiy ishlarni qayta tekshirish jarayonida, maxsus genealogik veb-sayt orqali yo‘qolgan ayolning singlisiga tegishli akkaunt topiladi va ushbu izlanishlar natijasida tergovda katta burilish yuz beradi.
Tez orada tergovchilar Odrining singlisi bilan aloqaga chiqishadi va ayolning boshqa shtatda yashashini aniqlashadi. Ayni vaqtda ayolning qayerda istiqomat qilayotgani ochiqlanmagan, ammo u butunlay yangi hayot boshlab, o‘tmishdan zarracha afsusda emasligi ma’lum qilingan.
Ishga mas’ul bo‘lgan tergovchi Ayzek Hensonning ma’lum qilishicha, Odri Bakeberg o‘tgan yillar davomida xotirjam va tinch hayot kechirgan. Ayolning sog‘ligi ham yaxshi ekani ta’kidlanmoqda.
Hozirda tergov organlari Odrining shaxsiy sabablarga ko‘ra g‘ayrioddiy holda g‘oyib bo‘lishi borasida qo‘shimcha ma’lumotlarni oshkor qilmaslikni ma’qul ko‘rishmoqda. Ammo bunday sirli holatning uzoq yillardan so‘ng aniqlik kiritilishi barchani ajablantirdi.
Hozirda Odri Bakebergning farzandlari va yaqinlari bilan uchrashishi yoki muloqot o‘rnatishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Uning o‘zi bu borada izoh berishdan bosh tortgan.
Shu tariqa, 63 yillik sirli voqea aniqlanib, ko‘plab tergovchilarning diqqat markazida bo‘lgan ushbu ish o‘z yechimini topdi. Ammo Odrining bu davr mobaynidagi hayoti hali ham sirligicha qolmoqda.
Amerika Qo‘shma ShtatlariOdri BakebergViskonsin shtatiTergovchilar IshlariSirli VoqeaYillik Qidiruv O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar