
Microsoft kompaniyasi asoschilaridan biri, dunyo miqyosidagi eng mashhur milliarderlardan bo‘lgan Bill Geyts o‘z hayotidagi eng ulkan va muhim qarorlardan birini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kelasi 20 yil ichida Geyts o‘z boyligining deyarli barchasini xayriya maqsadida Gates Foundation orqali dunyo xalqlari manfaati yo‘lida sarflashni rejalashtirmoqda.
“Keyingi 20 yil mobaynida men barcha boyligimni global miqyosda insonlarning hayotini saqlab qolish va ularning farovonligini oshirishga yo‘naltiraman. Bu ishni Gates Foundation orqali amalga oshiraman. 2045 yil 31 dekabr kuni esa bu fond o‘z faoliyatini rasman tugatadi,” — deb yozdi Geyts o‘z bayonotida.
Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus orqali 200 milliard dollarlik mablag‘ butun insoniyat manfaati uchun ishlatilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu xayriya tarixidagi eng yirik shaxsiy yordam loyihalaridan biri sifatida qayd etilmoqda.
Sog‘liqni saqlash va inson hayoti ustuvor yo‘nalishda
Geyts mazkur mablag‘lar asosan profilaktika vositalari, tibbiyotga oid dasturlar va qashshoqlikka qarshi kurashga yo‘naltirilishini ma’lum qilgan. Uning fikricha, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, bolalar va onalarni “oldini olish mumkin bo‘lgan sabablar”dan halok bo‘lishidan asrash zarur. Shuningdek, poliomiyelit, bezgak, qizamiq, sil va OITS kabi og‘ir kasalliklarni dunyo bo‘ylab yo‘q qilish asosiy maqsadlardan biri bo‘ladi.
Trampga bilvosita tanqid va falsafiy xulosa
Reuters agentligining qayd etishicha, Geyts o‘z bayonoti orqali AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampni bilvosita tanqid qilgan. Sababi, Tramp ma’muriyati qator xalqaro yordam dasturlarini qisqartirgan yoki to‘xtatgan edi.
Bill Geyts o‘z shaxsiy falsafasini ham bayon etdi:
“Odamlar men vafot etganimdan keyin turli fikrlar bildirishi mumkin. Lekin ular orasida 'U boy holda vafot etdi', degan gap bo‘lishini istamayman,” — dedi u.
Uning bu gaplari puldan ko‘ra qadriyat va insoniylik ustuvor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Fondning kelajagi va moliyaviy ko‘lami
2000 yilda Bill Geyts va uning o‘sha paytdagi turmush o‘rtog‘i Melinda Geyts tomonidan tashkil etilgan Gates Foundation avvalida ularning o‘limidan so‘ng ham uzoq yillar davomida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan edi. Ammo Geyts endilikda buni tezlashtirish va xayrli mablag‘larni o‘z umri davomida sarflashga qaror qilganini bildirdi.
Gates Foundation tashkil etilganidan buyon OITS, sil va bezgak kabi kasalliklarga qarshi kurashish, ta’lim va insonparvarlik loyihalari uchun jami 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Bill Geytsning ayni paytdagi umumiy boyligi taxminan 108 milliard dollarni tashkil etadi.
Geytsning ushbu qarorini nafaqat moliyaviy, balki insonparvarlik jihatdan ham tarixiy voqelik sifatida baholash mumkin. Uning tashabbusi katta biznes va global mas’uliyat o‘rtasidagi muvozanatni belgilab bermoqda.
Bill GeytsGates FoundationXayriya MaqsadiInson HayotiGlobal MoliyaTibbiyot Dasturlari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar