
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Turkiyaga tashrifi oldidan matbuot anjumanida ishtirok etib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yuzma-yuz muzokaralar o‘tkazishga to‘liq tayyorligini yana bir bor tasdiqladi.
«Men Putin bilan uchrashuvga tayyorman va buni bir necha bor takrorlaganman. 2019 yilda u bilan yuzma-yuz ko‘rishganmiz, shuning uchun bu odam haqida va u bilan muzokaralardan qanday natijalar kutishim mumkinligini yaxshi tushunaman. Haqiqat va adolat Ukraina tomonida ekaniga ishonaman. Biroq, xalqimiz va odamlarimiz manfaatlari uchun birinchi qadamni tashlashimiz lozim, deb hisoblayman. Biz urushni tugatish jarayonini boshlash bo‘yicha kamida dastlabki kelishuvga erishishni xohlaymiz», — dedi Zelenskiy.
Ukraina yetakchisi shuningdek, Putinning muzokaralarni to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkazishga xohishi borligiga shubha bilan qaraydi.
«Bu haqda men AQSH prezidenti Donald Trampga ham bir necha bor aytganman. Putin, menimcha, urushni yakunlashni ham, o‘t ochishni to‘xtatishni ham xohlamaydi. U hatto to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga kirishishdan qo‘rqadi, deb hisoblayman», — dedi Ukraina rahbari.
Prezident Zelenskiy Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan 15 may kuni Anqarada uchrashuvga kelishib olinganini ham ma’lum qildi. Zelenskiy Putin bilan Turkiyada muzokaralar o‘tkazishga umid qilayotganini bildirdi.
«Rossiya rahbariyati uchrashuv manzili haqidagi bahonalar orqali vaziyatni chalkashtirmasligi uchun bir narsani aniq aytib qo‘ymoqchiman: agar Putin Istanbulga keladigan bo‘lsa, biz ham Erdo‘g‘an bilan Istanbulga borishga tayyormiz. Agar Putin chindan ham real hayotda muzokaralarga kirishish niyatida bo‘lsa, biz yetakchilar darajasida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvga erishish uchun hamma narsani qilamiz. Buni faqat Putin bilan kelishib olish mumkin, chunki urushni tugatish bo‘yicha yakuniy qaror uning qo‘lida», — deya ta’kidladi Zelenskiy.
Ukraina prezidenti muzokaralar olib borish huquqi va majburiyati o‘zining zimmasida ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
«Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligi va istiqbolini muhokama qilish huquqi faqat menda. Buning uchun men muzokaralarni taqiqlash haqidagi farmonni bekor qilishim shart emas, chunki men o‘zimga hech narsani taqiqlamaganman. Bu Putinning o‘z narratividir. Men uchun eng muhim natija – o‘t ochishni to‘liq va so‘zsiz to‘xtatishdir. Agar Putin Istanbulga kelmasa va bu masalada yana o‘yin qilishda davom etsa, bu uning urushni yakunlashga tayyor emasligini ko‘rsatadi. Bu holatda AQSH va Yevropa ittifoqidan Rossiyaga qarshi va’da qilingan eng qattiq sanksiyalar paketini amalga oshirishlarini talab qilamiz», — deb so‘zini yakunladi Zelenskiy. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar