
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining ikkinchi prezidentlik muddatini boshlaganidan keyin ilk yirik xorijiy tashrifini 13 may kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodga amalga oshirdi. Safar davomida ikki mamlakat o‘rtasida mudofaa, iqtisodiy va texnologiya sohalarida bir qator tarixiy bitimlar imzolandi. Bu haqda BBC nashri xabar tarqatmoqda.
Oq uy rasmiy bayonotiga ko‘ra, AQSH va Saudiya Arabistoni o‘zaro 142 milliard dollar qiymatga ega bo‘lgan «tarixdagi eng yirik mudofaa shartnomasi»ni imzolagan. Ushbu kelishuv Saudiya tomoniga AQSHning o‘nga yaqin mudofaa kompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladigan harbiy texnika va xizmatlarni yetkazib berishni o‘z ichiga oladi. Shartnoma quyidagi muhim beshta yo‘nalishni qamrab oladi:
- Harbiy havo kuchlarini kuchaytirish va kosmik texnologiyalar imkoniyatlarini kengaytirish;
- Havo va raketa hujumidan mudofaa tizimlarini rivojlantirish;
- Dengiz va sohil xavfsizligini ta’minlash;
- Chegara nazoratini takomillashtirish va quruqlikdagi harbiy bo‘linmalarni modernizatsiya qilish;
- Axborot-kommunikatsiya tizimlarini yangi texnologiyalar bilan jihozlash.
Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni qurolli kuchlarining jangovar salohiyatini oshirish, harbiy akademiyalar va harbiy-tibbiy xizmatlarni mustahkamlash ham mazkur kelishuv doirasiga kiradi.
Tramp tashrifi davomida ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shimcha muhim iqtisodiy bitimlarga ham erishilgan. Xususan, Saudiya Arabistoni AQSH iqtisodiyotiga umumiy qiymati 600 milliard dollarga teng sarmoya kiritish majburiyatini olgan. Ushbu investitsiyalarning asosiy qismi Amerika hududida sun’iy intellekt ma’lumotlari markazlarini barpo etishga yo‘naltiriladi. O‘z navbatida, AQSHning yirik texnologik kompaniyalari har ikki mamlakatda zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarga 80 milliard dollar sarmoya kiritishga va’da bergan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan Saudiyaga 14,2 milliard dollar qiymatdagi gaz turbinalari va energetika texnologiyalari hamda 4,8 milliard dollarga Boeing 737-8 samolyotlari eksport qilinadi. Shu bilan birga, energetika va tog‘-kon sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha ham kelishuvlar imzolangan.

Tramp Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazgan. Ayni paytda Saudiyaning eng yirik biznes vakillari bilan uchrashuvlarni Trampning maslahatchisi, mashhur milliarder Ilon Mask, OpenAI kompaniyasi rahbari Sem Altman hamda kompyuter chiplari ishlab chiqaruvchi Nvidia korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Jensen Xuang olib borgan.
Tashrif doirasida Saudiya-AQSH investitsiya forumi ham o‘tkazilgan bo‘lib, unda Citigroup, IBM, Qualcomm, Alphabet va Franklin Templeton kabi global korporatsiyalar rahbarlari qatnashgan.
Umuman olganda, Trampning Saudiya Arabistoniga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda iqtisodiy, mudofaa va texnologik hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilganligi ta’kidlanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar