
Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni bartaraf etish va vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida Dnipro daryosining g‘arbiy sohilida Yevropa davlatlarining tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda 13 may kuni AQSH prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Fox News telekanaliga bergan intervyusida xabar berdi.
Kellogning aytishicha, tinchlikparvar missiyada ishtirok etish uchun Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Polsha kabi Yevropaning yetakchi mamlakatlaridan harbiy xizmatchilar jalb qilinishi rejalashtirilmoqda.
"Biz bu yerda chidamlilik kuchlari (resilience force) haqida gap ketmoqda. Umuman olganda bu E3 deb ataladi, lekin Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan birga Polsha ham ishtirok etgani bois bu kuchlarni aslida E4 deb hisoblash mumkin. Ular Dnipro daryosining g‘arbiy qismini nazoratga oladi, bu esa harbiy harakatlarning aloqa zonasidan tashqariga chiqishini ta’minlaydi", – dedi Kit Kellog o‘z intervyusida.
AQSH maxsus vakili birinchi navbatda mojaro taraflari o‘rtasida to‘liq sulhga erishish zarurligini urg‘ulab, bu bosqichdan so‘ng tomonlar boshqa muhim masalalar – alohida hududlar maqomi, Zaporijjya atom elektr stansiyasining xavfsizligi, ukrainalik bolalarning o‘z yurtlariga qaytishi va Ukrainaning NATO a’zoligi masalasini muhokama qilishlari lozimligini ta’kidladi.
Shu kuni Reuters axborot agentligi uchta ishonchli manbaga tayangan holda, AQSH prezidenti Donald Tramp Kit Kellog hamda boshqa maxsus vakil Stiv Uitkoffni Rossiya va Ukraina o‘rtasida 15 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tadigan muzokaralarga kuzatuvchi sifatida yuborishini ma’lum qildi. CNN esa ushbu ma’lumotga aniqlik kiritib, ikki maxsus vakilning asosan kuzatuvchi rolini bajarishini ta’kidladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yevropa tinchlikparvar kuchlarining Ukrainadagi vaziyatga aralashuvi, mojaro tomonlari o‘rtasidagi ishonchni tiklash va mintaqadagi tinchlikni ta’minlashda muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Amerika Qo‘shma ShtatlariTinchlikparvar KuchlarDnipro DaryosiYevropa MamlakatlariXavfsizlik MasalalariMuzokaralar Jarayoni O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar